Qashqadaryoda yana 4 ta avtobus-bog‘cha tashkil qilinadi

Qashqadaryo viloyatidagi mavjud 15 ta maktabgacha ta’lim bo‘limlaridan 3 tasida, ya’ni Kasbi, Muborak va Chiroqchi tumanlarida mobil maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud.

Kasbi tumanidagi mobil maktabgacha ta’lim tashkilotida 3 ta guruh bo‘lib, har bir guruhida 16 nafardan, jami 48 nafar tarbiyalanuvchilar ta’lim-tarbiya olmoqda. Muborak tumanidagi ta’lim tashkilotida 2 ta guruh jami 30 nafar tarbiyalanuvchilar mavjud.

Chiroqchi tumanidagi shunday maktabgacha ta’lim tashkilotida guruhlar shakllantirilmoqda. Hozirda tuman hokimligi qarori bilan yer ajratilib, mobil MTTlar uchun bolalar o‘yingohi qurib berildi.

Qashqadaryo viloyat Maktabgacha ta’lim boshqarmasining ma’lumot berishicha, 2021 yil boshidan Qashqadaryoga yana 4 ta avtobus ajratilishi rejalashtirilgan. Bu mobil bog‘chalar Shahrisabz tumanidagi 17-, Kitob tumanidagi 3-, Qamashi tumanidagi 9-, Yakkabog‘ tumanidagi 4-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tasarrufida bo‘ladi.

Qamrab olinadigan mahallalar – Hisorak, Sayyod, Bashir, Bog‘ibaland, Qizil qishloq, Changak, Sandal, Ulamji. Bolalar soni esa salkam 3500 nafarga yetmoqda.

Ulashing | Поделись этим: