Maqsad aniq boʻlsa, manzil yaqin boʻladi

Bu Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi Hilola Rasulovaning hayotiy shiori.

Tinib-tinchimas, har jabhada tengdoshlariga oʻrnak boʻlishga intilayotgan Hilola Rasulova nemislarga xos qatʼiy tartibga amal qilarkan. Samarqand davlat chet tillar institutining Roman-german filologiyasi fakulteti 1-bosqichida tahsil olayotgan Hilola bilan oʻtgan qisqa va mazmunli muloqotimiz davomida bunga guvoh boʻldik. Hali 1-bosqich talabasi boʻlsa-da, fakultet, institut miqyosida oʻz oʻrnini topib ulgurganligi uning yuksak iqtidori, salohiyatining belgisi, nazarimizda. Samarqand shahridagi Vilgelm fon Gumboldt nomidagi 51-ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabiga ilk qadam qoʻygan davridayoq nemis tili alifbosini oʻrganib, oʻqish va yozishni bilgan Hilola institutning hayotiga moslashib ulgurmay oʻz yoʻnalishidagi dastlabki ilmiy izlanishlarni boshlashga ham ulguribdi. Ezgu maqsadni koʻzlab tinimsiz harakatda boʻlgan qahramonimiz ustozlari Nazokat Sodiqova va Sadoqat Pirimqulovalar rahbarligida “Oʻyinlarning nemis tilini oʻrganishdagi oʻrni” mavzusida metodik koʻrsatma tayyorladi.

Maqsad sari intilish muvaffaqiyatning asosi, — deydi Hilola. – Hayotda har qanday holatlar boʻlishi mumkin. Bejizga “oyning oʻn beshi qorongʻu boʻlsa, oʻn beshi yorugʻ” deyishmaydi. Har bir marraga yetish uchun maʼlum toʻsiqlarni yengib oʻtish zarur. Muhimi, kishining maqsadi aniq boʻlib, unga erishish uchun harakat qilish kerak. Kishi oʻziga ishonsa, har qanday toʻsiqni yengib oʻtadi. Shuning uchun faqatgina orzu qilish bilan chegaralanmaslik lozim. Buyuk orzularni roʻyobga chiqarish uchun ularni maqsadga aylantirish kerak. Chunki, har birimizning olam-olam orzularimiz bor, ammo ularning chegarasi yoʻq. Maqsadimiz esa maʼlum marralarni zabt etish. Maktabda oʻqib yurgan kezlarim gazetada Samarqand davlat chet tillar instituti talabasining Prezident stipendiyasi sohibi boʻlganligini oʻqib, aynan shu institutda oʻqishni, stipendiat boʻlishni orzu qilgandim. Orzuimga yetishish uchun til oʻrganishga qatʼiy kirishdim. 6-sinfda oʻqiyotgan vaqtim maktabimiz maʼmuriyati tomonidan Zulfiya nomidagi davlat mukofoti uchun oʻtkazilayotgan tanlovda qatnashishga taklif qilishgan edi. Dastlabki urinishda shahar bosqichida toʻxtadim. Ammo maqsad sari harakatdan toʻxtamadim. Yaqinlarim, ustozlarim menga dalda boʻlib, ruhlantirib turishdi. Bu ham kishining oʻz-oʻziga boʻlgan ishonchini mustahkamlashga asos boʻlarkan. Mukofotga erishish uchun 4-marta urindim. Har bir muvaffaqiyatsizlik menga oʻziga xos saboq boʻldi. Shu orada nemis tili boʻyicha xalqaro olimpiadada qatnashib, sovrindor boʻldim. Bu muvaffaqiyatlarim sabab 2019-yilda Zulfiyaxonim qizlari safidan joy oldim. Mukofotni olish bilan chegaralanib qolmoqchi emasman. Yuqorida taʼkidlaganimdek, oʻquvchilik paytimdagi orzuim Prezident stipendiyasini qoʻlga kiritish bugungi kundagi maqsadimga aylangan. Shuningdek, Zulfiya nomidagi davlat mukofotini qoʻlga kiritganimda yana bir maqsadni dilimga tukkanman. Toshkentda joylashgan Gyote nomidagi til markazining Samarqanddagi filialini tashkil etishni rejalashtirganman. Bu nemis tilini oʻrganuvchilar uchun keng imkoniyat yaratadi. Koʻpchilik nemis tilini targʻib qilishga bunchalik urinishim sababiga qiziqishadi. Gyotening shunday gapi bor: kimki biror chet tilini oʻrganmasa, oʻzligini ham bilmaydi. Xorijiy tillarni oʻrganish chogʻida kishida oʻz ona tiliga boʻlgan hurmat, eʼtibor ham ortib boraveradi.

Hilola Rasulova nemis tilini oʻrganish bilan birga uni oʻrgatish borasida ham tajriba toʻplab bormoqda. Fakultetda tashkil qilingan volontyorlik toʻgaragiga boshchilik qilayotgan Hilola tengdoshlari bilan Samarqandga tashrif buyurayotgan nemis zabon sayyohlarga hamrohlik qilish jarayonida ular bilan suhbat qilib, bilimini mustahkamlab boryapti. Shuningdek, institutning faol talablaridan iborat “IDEAL” oʻquv markazida ham faoliyat olib bormoqda. Mazkur oʻquv markazida Hiloladan nemis tilini oʻrganayotgan yoshlar oʻndan ortiqni tashkil qiladi. Faqatgina oʻzi emas, yon atrofidagi tengdoshlari, izdoshlarini ham yuksak marralarni zabt etishini istayotgan Hilola Rasulovadan nemis tilini oʻrganib bugun unga raqiblik qilayotgan tengdoshlari borligidan faxrlanadi. Sogʻlom raqobat yuksak samara berishiga ishongan qahramonimiz hayotda faqat olgʻa intilish, ezgu niyat qilib, ulkan maqsadlar sari harakat qilishni shior qilgan.

Ulashing | Поделись этим: