O‘rta Osiyodagi birinchi muzey qayerda tashkil etilgan?

Toshkentdagi birinchi telefon, Turkistonda joriy etilgan ochlik solig‘i va Vatanimiz tarixiga bog‘liq boshqa voqealar bayoni.

1477 yil (bundan 544 yil oldin) – Abdurahmon Jomiyning uchinchi o‘g‘li Xoja Ziyoiddin Yusuf dunyoga keldi. Jomiyning birinchi o‘g‘li bir kungina, to‘rtinchisi 40 kun va ikkinchisi 12 oy yashab nobud bo‘lishgan. Jomiy Ziyoiddin Yusufga qattiq ko‘ngil bergan, o‘g‘li ham otasi mehriga oqibatli bo‘lib chiqqan. 1510 yili Hirotni qizilboshlar bosib olganda ular sunniy mazhabi olimi bo‘lmish Jomiy qabrini toptamoqchi bo‘lishgan, Ziyoiddin Yusuf esa buni sezib qolib, otasi hokini yashirincha boshqa joyga ko‘chirishga ulgurgan. Ko‘rinadiki, shundan keyin o‘zi ham Hirotni tashlab ketishga majbur bo‘lgan va Xurosonga qarashli Arp qishlog‘ida 1513 yilning dekabrida vafot etgan.

1876 yil (bundan 145 yil oldin) – Sirdaryo viloyati harbiy gubernatori general N.Golovachyov tomonidan tashkil etilgan muzeyni komplektlash bo‘yicha yig‘ilishda Toshkent muzeyi (hozirgi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi)ni ochishga qaror qilindi. O‘rta Osiyo tabiati tadqiqotchilari o‘zlari to‘plagan kolleksiyalarni muzeyga topshirdilar. Shu tariqa, 1876 yil O‘rta Osiyoda birinchi muzey tashkil topdi. Lekin davlat tomonidan bino berilmagani uchun etnograf va geograf Nikolay Mayev o‘zining ipakchilik maktabidan muzey uchun ikki xona ajratdi.

Tarixchi Darmanjan Kuryazovaning qayd etishicha, muzey ta’minoti uchun yiliga 300 so‘m ajratilganidan tashqari, ba’zi shaxslarning moddiy yordamlari ham kelib tushgan. Nikolay Mayevning yozishicha, muzey faoliyati uchun yiliga 1600 so‘mlik mablag‘ talab etilgan. 1877 yilning yanvariga kelib, muzey etnografiya, ishlab chiqarish texnologiyasi, qishloq xo‘jaligi, tabiat tarixi va arxeologiya bo‘yicha 1500 dan ortiq ashyolarga, 800 ga yaqin qadimiy tangalarga ega bo‘ldi.

Muzey predmetlari maxsus to‘planmagan bo‘lsa-da, unda qimmatbaho, nodir va noyob buyumlarning asl nusxalari mavjud edi. Olimlarning fikricha, 1876–1880 yillar Toshkent muzeyi faoliyatining muhim bosqichi bo‘ldi. Shu yillarda numizmatika, etnografiya bo‘limlari boy kolleksiyalar bilan to‘ldirildi.

1904 yil (bundan 117 yil oldin) – tarixchi olima Jannat Ismoilovaning qayd etishicha, Toshkent shahrida telefon, pochta-telegraf tarmog‘iga asos solindi. Bu holat hukumat bilan shaharga 18 yil, ya’ni 1922 yil 9 yanvargacha tarmoqni qurish va undan foydalanishga huquq beruvchi shartnoma tuzish asosida vujudga keldi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Toshkentning yangi shahar qismida telefon 1892 yildan ishlay boshlagan. Avvaliga u faqat harbiy muassasalar va harbiy idora boshliqlari uchungina mo‘ljallangandi. 1893 yilda undan shahar boshlig‘i va politsiya boshqarmasi foydalangan. 1904 yil 1 sentyabrdan uning xizmat doirasi kengaygan. Shaharda 180 ta mijoz bor edi.

Abonentlar soni 1912 yilda 710 gaga yetdi, shulardan 97 tasi bepul edi. Shahar telefoni 8 yoshga to‘lganida uning abonentlari soni 4 baravar ortdi. Bundan tashqari, shaharda 4 ta telefon-avtomat bor edi: temir yo‘l vokzalida, Toshkent temir yo‘l tovar stansiyasida, Voskresenkiy bozorida va shahar boshqarmasida.

1905 yil (bundan 116 yil oldin) – O‘zbekiston xalq yozuvchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Nazir Safarov dunyoga keldi (vafoti 1985 yil).

1922 yil (bundan 99 yil oldin) – Turkiston respublikasida ochlik solig‘i joriy etish, barcha sanoat korxonalari daromadlarining 25 foizini ochlik solig‘iga o‘tkazish hamda uning 1922 yil 1 yanvardan boshlab ocharchilik to‘la-to‘kis barham topguncha amalda bo‘lishi belgilandi.

1940 yil (bundan 81 yil oldin) – Fan qo‘mitasi negizida SSSR Fanlar akademiyasining O‘zbekistondagi filiali (O‘zFAN) ochildi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, qadimdan ilm-fan markazlaridan biri bo‘lgan O‘zbekistonda 1925 yilda O‘zbekiston SSR Maorif xalq komissarligi huzurida Akademik markaz tashkil topgan edi. 1932 yil 11 oktyabrda respublikadagi ilmiy tekshirish muassasalariga rahbarlik qiluvchi O‘zbekiston Fan qo‘mitasi tashkil etildi.

1947 yil (bundan 74 yil oldin) – matematik olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Azimboy Sa’dullayev tavallud topdi. U 1997–2002 yillarda Xorazm Ma’mun akademiyasi raisi bo‘lgan. 2003 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.

1992 yil (bundan 29 yil oldin) – Qoraqalpog‘iston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasi tarkibida suveren respublika bo‘lishi qonun yo‘li bilan mustahkamlandi.

2000 yil (bundan 21 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tdi.

2017 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy qamoqni o‘tash to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun 10 bob, 40 moddadan iborat.

2018 yil (bundan 3 yil oldin) – “O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Mazkur qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi tasdiqlandi.

Ulashing | Поделись этим: