Oydinoy opaning qoʻgʻirchoqlari

Bolaning sogʻlom, dunyoqarashi keng, yuksak fazilatlarga ega boʻlib ulgʻayishida oʻyinchoq va qoʻgʻirchoqlarning ahamiyati katta.

Fargʻona shahrida istiqomat qiluvchi hunarmand Oydinoy Burhonova milliy mato, oddiy va zararsiz buyumlardan qoʻgʻirchoq tayyorlashda uning bola salomatligi va maʼnaviy olamiga nechogʻli foyda keltirishiga ahamiyat qaratadi.

Bolalar oʻyinchoqlari – bu xalq hayotini aks ettiruvchi, uning maʼnaviy qadriyatlarini asrlar davomida ajdodlardan avlodlarga yetkazuvchi asosiy badiiy vositalardan biri boʻlish barobarida muhim tarbiya vositasidir. Tabiiy xomashyodan tayyorlangan qoʻgʻirchoq salomatlik uchun ham foydali. Ayniqsa, egnidagi atlas matosi, sochlarining oʻrimi va boshidagi doʻppisi yarashib turgan bejirim qoʻgʻirchoq qiyofasidagi oddiylik va soddalik bola psixologiyasiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Oydinoyning mutaxassisligi iqtisodchi boʻlsa-da, oiladagi ijodiy muhit va qiziqish uni qoʻgʻirchoqlar olamiga olib kirdi.

Bu yoʻlda u koʻp izlandi, oʻqidi. Otasi Muhammadjon akaning chizgan rasmlariyu tavsiyalari bilan xayolotida turli ertak qahramonlari jonlana boshladi. “Zumrad va Qimmat”, “Boʻgʻirsoq” singari ertak qahramonlari, milliy qoʻgʻirchoqlar barchaga manzur boʻldi. Ota-onasi kabi bolaligidan rasm chizishni yoqtiradigan Oydinoy opa haykaltarosh, rassom va dizayner sifatida oʻyinchoq yasashga yangicha uslubda yondashadi. Boshqalar kabi temir va tugmadan foydalanmaydi, toza paxta va boʻz matoga tayanadi. Tabiiy, yumshoq, qoʻlda tikilgan kashta, soʻzana bilan bezak berilgan, qogʻoz va yelimdan yasalgan, milliy ruh berilgan plastmassa oʻyinchoqlari maktabgacha taʼlim muassasalari, umumtaʼlim maktablariga shartnoma asosida yetkazib beriladi.

– Qoʻgʻirchoq yaratish chogʻida, avvalo, uning milliyligi va nafisligiga, libos va boʻyoqlarning sifatiga alohida eʼtibor berish kerak, – deydi O.Burhonova. – Farzandlarimiz tajovuzkor gʻarbona oʻyinchoqlar bilan emas, aksincha, yuzida ibo-hayo, milliylik ufurib turgan, insoniy tuygʻular ifodalangan milliy qoʻgʻirchoqlar bilan doʻst boʻlishini istardim. Shuning uchun qoʻgʻirchoqlar orqali xalqimizga xos tantilik va mehnatsevarlik kabi olijanob qiyofalarni ifoda etishga harakat qilaman.

Ayni kunda O.Burhonova xonadonidagi ustaxonasida farzandlari – Iskandar, Abduqodir va Madinaxon bu hunarni puxta egallab, oʻzlari ham mustaqil ravishda oʻyinchoqlar yasamoqda.

Ulashing | Поделись этим: