TAMAKI TUTUNI AVTOMOBIL TUTUNIDAN XAVFLI - Dono.uz

TAMAKI TUTUNI AVTOMOBIL TUTUNIDAN XAVFLI

“Eng oson narsa – bu chekishni tashlash”

Mark Tven

Tamaki chekishning salbiy oqibatlari haqida ko’p gapirilmoqda va yozilmoqda. Ammo… Mayli, natijaga sekinlik bilan bo’lsa-da erishib borayotgandekmiz.

Tibbiyot asoschilaridan biri, buyuk ajdodimiz Ibn Sino: “agar chang va g’ubor bo’lmasa, inson ming yil yashardi” degan xulosaga kelgandi. Hozirgi kunda esa inson umrini kalta qilayotgan vositalar shunchaki chang-g’uborlar emas…

EKSPERTLAR XULOSASIDAN KO’CHIRMA:

Agar bir shaharda o’n million aholi istiqomat qiladigan bo’lsa, ulardan oltmish foizi chekishga mukkasidan ketgan… Xo’sh, zaharli gazlarni yutadigan daraxtlar kam bo’lgan katta shaharlarda avtomobillardan chiqayotgan tutun gazlari yetmaganidek, yana har bir tamakidan chiqayotgan chiqindilarni qayoqqa daf qilish mumkin?

Dunyo olimlarining so’nggi tadqiqotlari natijasiga ko’ra, bitta mashinadan chiqayotgan zaharli tutundan ko’ra, sigareta tutatayotgan insonning zararlanishi besh marta ko’proq ekan.

Tamakiga qaramlik  – tamaki mahsulotiga patologik ruju qo’yish, nikotindan surunkali zaharlanishning psixosomatik (ruhiy va jismoniy) oqibatlari bilan tavsiflanadigan surunkali kuchayib boruvchi kasallik (nikotinga qaramlik);

TAMAKI TASHVISHI DUNYONI LARZAGA SOLMOQDA

Hozirda chekish muammosi ko’proq dunyodagi rivojlanishning eng baland nuqtasiga yetgan mamlakatlar aholisini tashvishga solmoqda. Chunki aksariyat xorij davlatlarida hatto maktabning birinchi sinfiga hali qadam qo’ymagan bolalar ham ayrim “bilag’on” katta yoshli kashandalar tomonidan o’rgatilmoqda. Shuning uchun ham bu davlatlar bugungi kunda o’z qonunlari orqali bu holatga qarshi kurashmoqdalar. Germaniyada chekuvchilarning soni keskin tushib ketishiga sabab, belgilanmagan joylarda chekilsa, katta miqdordagi jarimaga tortilishi bo’lsa, AQSH da esa har qanday qonun-qoidalarga ham qaramasdan, chekuvchilarning soni barqarorlikni saqlab turibdi…

BILASIZMI?

Birinchi bo’lib tamaki o’simligi shved tabiatshunosi Karl Linney tomonidan o’stirilgan va Jan Niko degan kishi sharafiga nikotin deb nom berilgan.

Ma’lumotlarga ko’ra, tamaki tutuni tarkibida saraton kasalligini yuzaga keltiradigan 50 turdagi kontserogen modda bor

Sigareta fil’tirining sariq-qo’ng’ir rangga bo’yalishiga sabab tamaki tutunidagi kontserogen modda hisoblangan katronning smola moddasidir.

Tamaki tutini tarkibidagi zararli moddalar kashandaning miya, yurak, o’pka, jigar, me’da kabi hayotiy a’zolarini zararlaydi.

Yer yuzida 1 milliard 200 million nafardan ortiq kishi tamaki chekadi. Chekuvchilar har yili 2,1 foizga ortib bormoqda.

Jahon Sog’liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, har yili dunyoda 5 millionga yaqin kishi tamaki chekish bilan bog’liq kasalliklar tufayli vafot etadi. Aksariyat hollarda bularning yarmini 35 dan 69 yoshgacha bo’lgan odamlar tashkil etadi.

Ilmiy tadqiqotlar shuni ko’rsatdiki, tamaki chekish oqibatida yuzaga keladigan kasalliklar mehnatga layoqatli yoshdagi chekuvchi erkaklar o’rtasida chekmaydiganlarga nisbatan 3 barobar ko’p uchraydi.

O’ZBEKISTONDA-CHI?..

Afsuski, chekuvchilar soni yurtimizda ham ortmoqda. Ayniqsa, o’smirlar va yosh ayollarning ham tamakiga ruju qo’yayotgani achinarli holdir. Respublika salomatlik va tibbiy statistika instituti ma’lumotlariga ko’ra, O’zbekistonda har yili 30 mingga yaqin kishi aynan chekish bilan bog’liq kasalliklar tufayli hayotdan ko’z yummoqda. 2020 yilga borib esa bu raqam ikki baravarga ortishi mumkin.

Tadqiqotlar natijasidan…

  • Yurtimizdagi jami erkaklarning 23 foizi va ayollarning 1 foizi chekuvchilardir.
  • Kashandalar ayniqsa, shaharlarda ko’p.
  • Chekuvchi erkaklarning asosiy qismi 25-29 yoshda,
  • Ayollar orasida 15-19 yoshli qizlar orasida chekuvchilar kup.
  • Chekuvchi erkaklarning 47 foizi kuniga 5-20 dona sigaret chekadi.

TIBBIY XULOSA

Tamaki tutunida 4000 dan ziyod kimyoviy unsurlar mavjud. Shularning 43 dan ortig’i o’sma kasalliklari kelib chiqishiga sabab bo’lsa, 400 dan ortig’i toksik (zaharli) moddalar hisoblanadi. Tekshiruvlarda aniqlanishicha, o’pka saratoniga chalinganlarning 90 foizi kashandalardir.

Tamaki tutuni suzib yurgan xonada bir soat qolish 4 ta sigareta chekilgandagi zaharlanishga teng!

Shuningdek, tamaki chekilib, chekuvchi tutunni ichiga tortayotgan vaqtida uning uchidagi harorat 600 gradusgacha yetadi. Chekkanda nafas yo’llariga taxminan 6 mg sog’liq uchun zararli va xavfli bo’lgan moddalar tushadi.

FAKT:

Jahon Sog’liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, 700 million, ya’ni jahondagi bolalarning qariyb yarmi ikkilamchi tutun ta’siri ostidadir. Bu esa bolalarda respirator kasalliklar, pnevmoniya, astma kelib chiqish ehtimolini kuchaytiradi.

Tamaki tutuni ta’sirida bosh og’rig’i, ko’z kon’yunktivasining zararlanishi, bosh aylanishi, yo’tal, tomoq qichishi, ko’ngil aynishi kabi holatlar kelib chiqadi.

SIGARET UMRNI QANCHAGA QISQARTIRADI?

Amerikalik olimlarning ta’kidlashicha, bitta sigareta umrni 5,5 daqiqaga qisqartiradi.

Kasalliklar nazorati va oldini olish markazi mutaxassislari ma’lumotiga ko’ra, o’rtacha kashanda kuniga 14-18 dona sigareta chekadi va shu tufayli umrining 13-14 yilidan mosuvo bo’ladi.

Odatda, bitta sigaretada 8-9 mg nikotin bo’ladi, sigaralarda esa 100-200 mg.gacha yetadi. Beshta sigaretadagi nikotin odamni o’ldirishga yetadi, lekin zaharli moddaning asosiy qismi chekish paytida yonib ketgani uchun odam organizmiga tushmaydi.

KO’ZINGIZNI “OKULIST”DAN ASRANG!

Uning alomatlari: Nigohlarda toliqish, ko’z atrofi qizaradi, ko’z oldingizda yengilgina tuman qoplanadi, ko’z sababsiz yoshlanadi, u achishib, xuddi qum tiqilgandek holatni his etasiz, kiprik qoqishingiz tezlashgan, narsalar ikkita ko’rinyapti, ko’z va uning atrofida tez-tez og’riq qo’zg’aladi, mujgonlaringizda og’irlik sezilyapti, narsalarni ko’rishda mo’ljaldan adashib ketyapsiz…

Aytingchi, katta bo’lganingizda shu holatda o’zingizni rulda tasavvur qila olasizmi???

Dunyo bo’ylab:

CHEKISH HAQIDA FAKTLAR

  • Yangi Zelandiyada umumiy joylarda chekish ta’qiqlanganidan so’ng, oxirgi chekilgan sigaret qoldig’i Internet auktsionda 5300 dollarga sotilgan.
  • Dunyoda tamaki tobeligidan tuzalishning 120 turi mavjud (amalda esa faqatgina 40 ga yaqin turi ishlatiladi).
  • 1588 yilda Virjiniyada yashovchi Tomas Xarriet organizmni umumiy sog’lomlashtirish sifatida har kunlik chekishni targ’ibot qilgan. Afsuski, uning o’zi ma’lum vaqt o’tgach, burun rakidan olamdan o’tgan.
  • Bir paytlar Mal`boro sigaretining reklamasi bo’lardi: ot ustida kovboy, og’zida Mal`bro sigareti. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, reklama qahramoni chekish tufayli o’pka saratoniga uchrab, sigaret kompaniyasini sudga beradi. Undirilgan bir necha ming dollar tovon puli ham bechorani saqlab qololmaydi.
  • 95 foiz chekuvchilar miokard infarktini boshdan o’tkazganlaridan so’ng, shu zahoti chekishni tashlaydilar. Hech qanday lektsiya va targ’ibotlarning hojati yo’q, kasallar bunga o’zlari qaror qiladilar.

SO’NGGI SO’Z

Bugun ekologiya dolzarb muammoga aylangan bir vaqtda bizning har qanday xatoimiz kelajak avlodlar oldidagi so’rog’imizning ko’payishiga sabab bo’ladi. Albatta, xulosalar har doim ham bizning foydamizga hal bo’lavermaydi. Inson uchun sog’likning o’zi eng buyuk mo»jiza ekanligini anglaganlar esa bunga befarq bo’lmas, degan umiddamiz.

Sarvar Safarov tayyorladi

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi.

Free WordPress Themes