Bolalar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha Navoiy viloyat ochiq birinchiligi musobaqasi tashkil etildi.

O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi boshqaruvi tashabbusi bilan viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi, viloyat shaxmat federatsiyasi, “Alisher Navoiy nodir merosini targ‘ibot markazi” jamoat birlashmasi tomonidan “Tinchlik” kompaniyasi homiyligida Navoiy shahridagi 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabida Mir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlab 7 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lganlar yoshlar o‘rtasida 6 yosh toifasida hamda kattalar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha Navoiy viloyat ochiq birinchiligi musobaqasi tashkil etildi.

Musobaqaning ochilish marosimida O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi raisi Faxriddin Soliyev, “Alisher Navoiy nodir merosini targ‘ibot markazi” jamoat birlashmasi raisi, Navoiy davlat pedagogika instituti professori Abduhamid Xolmurodov so‘zga chiqib, Alisher Navoiy qoldirgan boy merosni o‘rganish borasida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar haqida so‘z yuritishdi hamda g‘azal mulkining sultoni nomi bilan yuritiluvchi viloyatda targ‘ibot tadbirlarini yuqori darajada tashkil etish har qachongidan-da muhimligini ta’kidlashdi.

Shaxmat bo‘yicha xalqaro toifadagi hakam Abduraim Buxorov hakamlik qilgan musobaqada viloyatdagi tuman va shaharlardan, shu jumladan, qo‘shni Samarqand viloyatidan 250 nafardan ortiq havaskor sportchilar ishtirok etishdi. Bahslar 7 turdan iborat bo‘ldi.

Musobaqa so‘ngida 7-8 yoshlilar o‘rtasida I-o‘rinni Bekzod Sanaqulov, 9-10 yoshlilar o‘rtasida Avaz Normuhammadov, 11-12 yoshlilar o‘rtasida Sanjar Mustafoyev, 13-14 yoshli bolalar o‘rtasida Barchinoy Shokirjonova 15-16 yoshli o‘smirlar o‘rtasida Dilnura Rabbimovalar qo‘lga kiritishdi.

17-18 yosh doirasida bo‘lib o‘tgan bahslarda I-o‘rinni Mehriddin Yuldoshev egallagan bo‘lsa, kattalar o‘rtasidagi murosasiz kechgan bahslarda birinchilik Rasul Umarovga nasib etdi.

G‘olib va sovrindorlar O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi va musobaqa bosh homiysi “Tinchlik” kompaniyasining “Diplom”, qimmatbaho sovg‘alari va medallari bilan taqdirlandilar.

8-umumta’lim maktabi o‘quvchilari tomonidan ijro etilgan Alisher Navoiy g‘azallari, sahna ko‘rinishlari, “Besh muhim tashabbus” doirasidagi badiiy ko‘rgazma, shuningdek, yosh sportchilarning chiqishlari barchada katta qiziqish uyg‘otdi.

Ulashing | Поделись этим: