Maktab o‘quvchisi metroda «hunar ko‘rsatdi»

Ijtimoiy tarmoqlarda metro vagonining ushlagichlariga oyoqlari bilan osilib olib, baqirayotgan o‘smirning videosi tarqaldi.

«Toshkent metropoliten» UK holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Qayd qilinishicha, Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi 105-maktabning o‘quvchilari 2005 yilda tug‘ilgan A.A. va T.U. ushbu harakatni Instagramdagi shaxsiy sahifasini rivojlantirish va obunachilar sonini ko‘paytirish maqsadida bu ishni amalga oshirgani aniqlangan.

O‘smirlar bilan Ichki ishlar vazirligi Bosh boshqarmasi Metropolitendagi xavfsizlik boshqarmasi vakillari, poytaxt metropoliteni ma’muriyati, shuningdek, 105-maktab ma’muriyati va o‘quvchilarning ota-onalari ishtirokida tushuntirish o‘tkazilgan.

Mazkur holat bo‘yicha ish qo‘shimcha ko‘rib chiqish maqsadida hududiy (yashash joyidagi) voyaga yetmaganlar bilan ishlaydigan bo‘limga o‘tkazilgan.

Ushbu harakatlar huquqbuzarlik hisoblanadi va O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy kodeksining 115-moddasiga binoan chora ko‘riladi. Bundan tashqari, o‘smirlar O‘zbekistonda koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi tomonidan karantin davrida belgilangan maska rejimiga rioya qilmay belgilangan qoidalarni buzganligi uchun ham javobgarlikka tortiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ichki ishlar vazirligi TikTok platformasi foydalanuvchilarini jiddiy ogohlantirgan edi.

Ulashing | Поделись этим: