Boshqa hududlardan jalb qilingan oʻqituvchilarga maxsus ustamalar beriladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Olis hududlardagi byudjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori koʻra, 2021-yil 1-martdan taʼlim sifati past maktablarda dars berish uchun boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega oʻqituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar joriy qilinadi.

Bunda:

● bir viloyat doirasida boshqa tuman va shaharlardan kelib faoliyat yuritayotgan oʻqituvchilarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz;

● boshqa viloyatdan kelib faoliyat yuritayotgan oʻqituvchilarning bazaviy tarif stavkalariga 100 foiz maxsus ustamalar toʻlanadi.

Taʼlim sifati past maktablar roʻyxati Xalq taʼlimi vazirligi hamda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan aniqlanadi va joriy yilda 15-fevralgacha, kelgusi yillarda esa har yili 1-sentyabrga qadar Xalq taʼlimi vazirligi veb-saytida eʼlon qilinadi.

Boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega oʻqituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar ular borgan maktab taʼlim sifati past maktablar roʻyxatidan chiqarilgan yildan keyingi yil uchun ham toʻlanadi.

Olis va chekka hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlari va tibbiyot muassasalarida boʻsh ish oʻrinlari yuzasidan maʼlumotlar har oy yakuni boʻyicha keyingi oyning 5-kuniga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari veb-saytlarida joylashtirib boriladi.

Ulashing | Поделись этим: