Kosonsoylik oʻquvchi xalqaro tanlov gʻolibi boʻldi

Keyingi yillarda mamlakatimizda yosh avlod isteʼdodini yuzaga chiqarish va qoʻllab-quvvatlashga eʼtibor kuchaydi. Hududlardagi bolalar musiqa va sanʼat maktablari zamon talablariga mos va xos ravishda jihozlandi va bu jarayon davom etmoqda.

Yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlarning hosilasi oʻlaroq, oʻquvchilar ham qator nufuzli tanlovlarda yuqori oʻrinlarni egallamoqdalar.

Jumladan, Kosonsoy tumanidagi 3-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabining teatr sanʼati yoʻnalishi 3-sinf oʻquvchisi Feruzabonu Hasanboyeva yaqinda Rossiya Federatsiyasi davlatida oʻtkazilgan “Genialniye deti” onlayn tanlovida ishtirok etib, 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

– Bu tanlov uchun ustozim Zilola Saloxiddinova bilan “Qoʻgʻirchoq raqsi”ni tayyorladik, – deydi Feruzabonu. – Ishtirokchilar dunyo boʻyicha juda koʻpchilikni tashkil etgani uchun gʻolib boʻlish oson emasligini his qilib, astoydil harakat qildim. Mening bu yutugʻimda musiqa va sanʼat maktabi jamoasi va ustozim Zilola opaning hissasi katta.

Darvoqe, Feruzabonu sanʼatga ishtiyoqi baland, ziyoli oilada oʻsib-ulgʻaymoqda. Ayniqsa, dadasi Habibullo uning iqtidorini nihoyatda qadrlaydi. “Kelajakda qizimning milliy sanʼatimizda oʻz oʻrni boʻlsa, sanʼatimiz rivojiga munosib hissasini qoʻshsa deyman”, deydi u. Biz ham Feruzabonuni gʻalaba bilan qutlaymiz va kelgusida bundan-da ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritishiga tilakdoshmiz.

Ulashing | Поделись этим: