Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari darsliklardagi xatolar bo‘yicha izoh berdi

Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayevning ma’lumot berishicha, bu yil ilk bor darsliklarning eng katta xarajat ketadigan chop etish qismi ochiq tender asosida amalga oshiriladi

“30 milliondan ortiq tirajdagi chop etiladigan darsliklar davlat xaridlar portali orqali rasman ochiq tenderga qo‘yiladi. Tenderda g‘olib bo‘lgan ham xususiy, ham davlat bosmaxonalari aynan vazirlik aytgan shakl, format, qog‘oz talablari asosida darsliklarni chop etib berishadi”, deydi Usmon Sharifxo‘jayev.

Darsliklar — ijara asosida beriladi. Ya’ni, bir marta chop etilgan darsliklardan bir necha yil davomida foydalaniladi.

Vazir o‘rinbosari bugun ijtimoiy tarmoqlarda darsliklar bilan bog‘liq ko‘tarilayotgan masalalarga ham to‘xtalgan.

“O‘sha darsliklarni olib, chop etilgan sanasiga qaraydigan bo‘lsak, u 2017 yilda, 2018 yillarda chop etilganini ko‘rish mumkin. Bir yilda 600 mingdan ortiq tirajda darsliklar chop etiladi. Xatoga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, mas’ulga nisbatan chora ko‘riladi, biroq to‘liq tirajni qayta chop etish imkoni deyarli yo‘q. Har yili o‘sha darslikka duch kelgan ota-onalar o‘sha xatolarni qayta-qayta tarmoqqa qo‘ymoqdalar”, deydi Sharifxo‘jayev.

Ta’kidlanishicha, darsliklar bo‘yicha katta ishlar boshlangan. Jumladan, bu yil yangi milliy o‘quv dasturiga mos ravishda, darsliklar to‘liq yangilanmoqda

Ulashing | Поделись этим: