“Bolalar Ombudsmani toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinadi

Hukumat qarori (23-son, 18.01.2021-y.) bilan Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi hamda uni 2021-2022-yillarda amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

Qarorga koʻra, Konsepsiyaning maqsad va vazifalari quyidagi 4 bosqichda amalga oshiriladi:

● yoshlar sohasida mavjud muammolarni aniqlash;

● muammolarni hal etishga qaratilgan aniq yechimlarni ishlab chiqish;

● aniqlangan muammolarni hal etish choralarini koʻrish va ishlab chiqilgan takliflarni amalga oshirish;

● muammolarning hal etilishi va takliflarning amalga oshirilishi samaradorligini monitoring qilish.

Qaror bilan tasdiqlangan “yoʻl xaritasi”ga muvofiq, “Bolalar Ombudsmani toʻgʻrisida”gi qonunini qabul qilish nazarda tutilgan.

Konsepsiyani amalga oshirish natijasida, jumladan:

maktablarda 7-sinf oʻquvchilarining kasblar kesimida qiziqishini aniqlash, 8-9-sinf oʻquvchilarini zamonaviy va istiqbolli kasblar bilan tanishtirib borish, 10-sinfdan oʻquvchilarni davlat va nodavlat oʻquv markazlari yordamida kasbga oʻrgatish va ularning xarajatlarini “vaucher” tizimi orqali qoplab berish mexanizmi yaratiladi;

madaniyat va sanʼat bilan muntazam shugʻullanadigan yoshlar soni 30 foizga oshirilib, ularning xalqaro tanlov va festivallardagi ishtiroki 40 foizga yetkaziladi;

yoshlarning 30 foizi ommaviy sport turlari bilan muntazam shugʻullanishiga erishiladi;

respublikada 3-7 yoshgacha boʻlgan bolalarning 80 foizi maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olinadi;

barcha hududlarda IT-parklar barpo etiladi, tuman(shahar)larda Raqamli texnologiyalar oʻquv markazlari tashkil etiladi, “Bir million oʻzbek dasturchi” loyihasi asosida 200 mingga yaqin yoshlar oʻqitiladi;

volontyorlik faoliyatining institutsional tuzilmalari yaratiladi;

Konsepsiya, erishilgan natijalardan kelib chiqqan holda, 2023-yildan boshlab har yili tasdiqlanadigan tegishli “yoʻl xaritalari” asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Ulashing | Поделись этим: