O‘zbekistonlik 17 yoshli rassom «Uyg‘onish davri Florensiyasi» tanlovida Bosh sovrinni qo‘lga kiritdi

Italiyaning Pezaro shahrida har yili o‘tkaziladigan «Angeli» xayriya loyihasi doirasida an’anaviy festival – yosh rassomlar va dizaynerlar tanlovi bo‘lib o‘tdi.

«Dunyo» AA muxbiri «Angeli» xayriya loyihasi ta’sischisi, «Verbumlandiart» madaniyat uyushmasi a’zosi Aida Abdullayeva bilan mazkur loyiha va o‘zbekistonlik bolalarning festival-tanlovdagi ishtiroki haqida cuhbatlashdi.

– Bolalik nima? Bolalik – bu odamlarga bo‘lgan cheksiz ishonch, imkonsiz narsalarning yo‘qligi, atrofdagi olam yorqin va hayotbaxsh ranglarga burkangan davrdir, – deydi A.Abdullayeva. – Men uchun bolalik – bu onamning muloyim ovozi, otamning mehribon nigohi, deraza tashqarisidagi bolalarning ovozlari, endigina tandirdan uzilgan nonning xushbo‘y ta’mi, ariqdagi suvning shildirashi, molbert, bo‘yoqlar va orzular…, orzular…, orzular…

Bolalar doimo va hamma joyda orzu bilan yashaydi va shunday bo‘lib qolaveradi. Orzular esa ushalishi kerak! Bugun men bolajonlarga ularning fantaziyalarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida yordam berishga harakat qilyapman.

Aynan shu maqsadda 2014 yil «Angeli» loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Uning asosiy maqsadi yosh iste’dodlarni izlash va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, mening ona yurtim O‘zbekiston va qadrdon Italiya o‘rtasidagi do‘stona va ijodiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan. Loyiha doirasida Pezaro shahrida har yili muntazam ravishda yosh rassomlar va dizaynerlar festivali tashkil etilmoqda.

Ushbu festival yangi nomlarni kashf etishga yordam bermoqda. Shuningdek, Toshkent shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati (RISMI) o‘qituvchilari va o‘quvchilari bilan ijodiy hamkorlikka yo‘l ochdi. Ushbu ajoyib jamoa va insonlar bilan hamkorlikda tanlov tashkil etildi. Keyinchalik unda musiqachilar ham ishtirok eta boshladi.

Pandemiya bilan bog‘liq dunyodagi murakkab vaziyat tufayli bu yilgi tanlov onlayn formatda o‘tkazildi. Unda RISMI va O‘zbekistonning boshqa ta’lim muassasalari o‘quvchilari faol qatnashdi.

Bu yilgi festival Uyg‘onish davri Florensiyasi va mashhur Medichilar sulolasiga bag‘ishlandi. San’at va madaniyatni rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan mazkur sulola tarixi Uyg‘onish davri bilan uzviy bog‘liqdir.

Festival Bosh sovrinini o‘zbekistonlik 17 yoshli rassom Milad Ismoilov qo‘lga kiritdi. U mashhur haykaltarosh Mikelanjelo ishlaridan birining ko‘rinishidan foydalangan holda qalamda Florensiya shahrining rasmini chizgan.

Bu yilgi tanlov hakamlar hay’ati tarkibidan Italiya san’ati va madaniyati vakillari – taniqli stilist-dizayner Eleonora Altamore, haykaltarosh Lorensa Altamore, kompyuter grafikasi bo‘yicha rassom Miguel Anjel Akosta Lara, rassom Patritsiya Della Valle, «Verbumlandiart» assotsiatsiyasi prezidenti Rejina Resta, Xalqaro musiqa va san’at akademiyasi prezidenti Edda Silvestri, shuningdek, meksikalik rassom va vokalist Sonya Iaketti joy oldi.

Hakamlar hay’atining onlayn shaklda o‘tgan yig‘ilishida O‘zbekistonning Italiyadagi elchisi Otabek Akbarov, konsul Munira Nizomova, RISMI direktori o‘rinbosarlari Sardor Nig‘matov va Rustam Turg‘unov ishtirok etdi.

Gran-pri g‘olibi Italiyaga bir hafta sayohat qilish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Unga Florensiya shahrida Medichi dvoryanlar sulolasi vakili tanlov g‘olibi diplomini shaxsan topshiradi.

Hayot bir joyda turmaydi, bir avlod o‘rnini ikkinchi avlod egallaydi. Lekin nima bo‘lishidan qat’iy nazar, bolalar doimo orzu qilgan, orzu qilmoqda va orzu qilishda davom etadi. Biz kattalar ularning orzulari ro‘yobga chiqishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishimiz zarur. Chunki orzular, albatta, ushalishi kerak!

Ulashing | Поделись этим: