Хorijda faqat boylarning farzandi o‘qiydimi? Polshada dasturchilikka o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talaba hikoyasi

Adham Umrzoqov Sirdaryo viloyati Guliston tumanida tug‘ilgan. Hozir 24 yoshda. Ingliz, ispan, rus va polyak tillarini biladi. Ayni paytda Varshava texnologiyalar universitetining 4-bosqich talabasi.

Uydagilarim xorijda faqat boylarning farzandi o‘qiydi, deyishardi
Bolaligimdan tarix fanini, qolaversa, tarixiy filmlarni juda yaxshi ko‘rar edim. Har doim kinoda ko‘rgan, kitobda o‘qigan joylarimga xayolan sayohat qilardim. O‘sha paytlari ulg‘aysam, o‘ngimda ham shu yerlarga, albatta, boraman deb niyat qilgandim.

Bu orzum litseyda o‘qish davrida yanada mustahkamlangan. Boisi aynan xorijiy filologiya yo‘nalishida tahsil olayotganim uchun bitiruvchilarning xorijda o‘qishga kirganligi haqida ko‘p eshitardim. Tabiiyki, bu xabarlar oldimga qat’iy bir maqsad qo‘yishimga undagan.

Biroq boshida ota-onam qarshi bo‘lgan. Chunki ular xorijda boylarning farzandlari yoki o‘ta bilimdon bolalar o‘qiydi deb o‘ylar edi. Lekin men ularning gapiga quloq solmay, ingliz tilini o‘rgana boshladim. Shu orada IELTS’ga tayyorlanish uchun Toshkentga keldim. Bir yildan so‘ng IELTS imtihonini topshirib, 6 ball oldim. Niyatim jiddiyligini tushungan ota-onam xorijga ketishimga rozi bo‘ldi.

Yevropada o‘qish qimmatlik qilar edi
Dastlab Yevropa universitetlariga qiziqishim kuchli bo‘lgan. Afsuski, men orzu qilgan Germaniya, Angliya, Fransiyada kontrakt narxlari, o‘qish xarajatlari qimmatligi bois qiziqishim so‘ngan.

Xullas, qayoqqa topshirishni bilmay ikkilanib yurgan paytlarim Latviyada o‘qiydigan do‘stim bilan gaplashib qolganman. U Rigada o‘qish xarajatlari boshqalarga qaraganda ancha arzonligini aytib, Latviya davlat universitetiga kirishimni tavsiya qilgan. O‘ylab o‘tirmay, shu universitetga hujjatlarimni topshirdim. Hamda Latviya davlat universitetining xalqaro aloqalar yo‘nalishiga kontrakt asosida qabul qilindim.

Kichkina Parij
Latviya – juda chiroyli mamlakat. Ayniqsa Rigaga sayohat qilsangiz, o‘zingizni xuddi kichkina Parijga tushib qolgandek his qilasiz.

Afsuski, biroz vaqt o‘tib yashash, o‘qish xarajatlarining yuqoriligi menday oddiy talaba uchun qiyinchilik tug‘dira boshlagan.

Shu bois yozda birinchi marta Polshaga ishlashga keldim. Ish paytida bir hindistonlik yigit bilan tanishib qoldim. U dasturchilik sohasida ishlab, anchagina daromad qilayotganini, meni ham shu yo‘nalishga qiziqib ko‘rishimni tavsiya qildi.

Surishtirib ko‘rsam, bir davlatdan ikkinchisiga fanlar to‘g‘ri kelsa, o‘qishni ko‘chirish mumkin ekan. Berilgan fanlarni qo‘shimcha darslik sifatida o‘rganishingiz kerak. Xullas, bemalol o‘qishni o‘tkazish imkoni borligi uchun tanishimning maslahati bilan Polshada dasturlashga o‘qitadigan universitet izlay boshladim. O‘qitish tizimi, yashash xarajatlari ma’qul kelgani uchun Varshava texnika universitetini tanladim.

O‘qishimni ko‘chirish uchun dastavval matematika va ingliz tilidan test topshirganman. Yana tanlagan yo‘nalishga (fakultetga qarab kamida) 5-6 ball atrofidagi IELTS sertifikati kerak bo‘lgan. Barcha imtihonlardan yaxshi o‘tib, ikkinchi bosqichdan o‘qiy boshladim.

Polyaklarning ikki kunlik to‘ylari va ajoyib urf-odatlari haqida
Polshada, ayniqsa, polyaklarning urf-odatlari hayratlantirgan. Masalan, ular farzandining tug‘ilgan kunidan tashqari unga ism qo‘yilgan sanani ham alohida bayram sifatida nishonlar ekan.

Yana bir qiziq tomoni, ularda Poprawiny deb nomlangan kecha bor. Bu polyak xalqi orasida ikkinchi to‘y kechasi deb aytiladi. Uni to‘yga kelolmagan mehmonlar yoki yaqinlar bilan birgalikda nishonlashadi. Ikkinchi to‘y kechasida ham kelin-kuyov birinchi kundagidek libosda bo‘ladi.

O‘rtacha ish haqi — 730 dollar
Polshada talaba sifatida ishlash hamda o‘qish ancha qulay. Chunki bu yer boshqa Yevropa davlatlariga qaraganda ancha arzon. Hozirgi kunda Polshada o‘rtacha ish haqi 2 800 zlota (Polsha valyutasi) – 730 dollar.

Polshada talabalar o‘qishdan tashqari haftasiga 20 soat ishlashga ruxsat berilgan. Restoran va tamaddixonalarda ishlashlari mumkin. Agar haydovchilik guvohnomasi bo‘lsa, taksichilik qilishga ham ruxsat bor.

Talabalarning xarajatlari haqida
Ko‘pchilik Polshada talabalarning yashashiga qancha pul ketadi deb so‘raydi. Men arzon yoki qimmat deyolmayman. Chunki kimgadir 200 dollar ham qimmatlik qilishi mumkin. Keling, yaxshisi aniq summalarda hisoblab beraman.

Masalan, talabalar turar joyi o‘rtacha 90-140 yevro atrofida. O‘zim ham talabalar yotoqxonasida turib, oyiga 150 dollar to‘lov qilaman. Kontraktim yiliga 2 900 yevro.

Mahalliy transportlarga o‘rtacha 11-13 yevro, sog‘liq sug‘urtasiga 9-13 yevro, oziq-ovqat va qo‘shimcha xarajatlar uchun 200 yevro. Qisqa qilib aytganda, talaba bir oy davomida 330-430 yevro atrofida pul sarflaydi.

Ishga kirish uchun 80 yaqin rezyume yuborganman
Hozirda o‘qishdan tashqari Deloitte kompaniyasida amaliyotchi-dasturchi bo‘lib ishlayman. Maoshim 500-1000 dollar atrofida.

Ish joyim haqida qisqacha aytib o‘tsam. Deloitte kompaniyasiga 1845-yili Buyuk Britaniyada asos solingan. Bu yerga ishga kirishdan oldin boshqa kompaniyalarga salkam 80 ga yaqin rezyume jo‘natganman. Nihoyat Deloitte xodimlari pochtamga amaliyotchi sifatida ishga qabul qilinganim xabar yuborgan. Juda xursand bo‘lganman. Ochig‘i, bu yerga oyliksiz ishga kirishga ham rozi edim. Sababi, kompaniya Qo‘shma Shtatlardagi eng yirik to‘rtinchi xususiy kompaniya hisoblanib, ishga faqat tajribali dasturchilarni qabul qiladi. Bunday nufuzli joyga ishga kirganim o‘zimga bo‘lgan ishonchimni yanada oshirgan.

Ilk Yevropa safarim Latviyadan boshlangan
Polsha yashash va sayohat uchun qulay joyda joylashgan. Boltiq dengizi orqali Skandinaviya davlatlariga chiqish imkoniyati bor. Shu bois hozirga qadar 15 dan ortiq davlatlarga jumladan Italiya, Ispaniya, Portugaliya, Shvetsiya, Norvegiya, Daniya, Avstriya, Shveysariya, Latviya, Litva, Estoniya, Finlyandiya, Chexiya, Polsha, Vengriya, Germaniya, Fransiyaga sayohat qilganman.

Talabadan abituriyentlarga tavsiyalar
Xorijda o‘qishni niyat qilgan yoshlar, avvalo, oldilariga aniq maqsad qo‘yib olishlari kerak. Chetda haqiqatan tahsil olish yoki daromad qilish uchun ketyapsizmi, yaxshilab bilib oling va shunga qarab universitet tanlang.

Shuningdek, nafaqat ingliz tili, balki borayotgan mamlakatingizning, u xalqaro maqomga ega bo‘lmasa ham, davlat tilini o‘rganing. Chunki o‘zim Polshada kelganimda boshida polyak tilini bilmaganim uchun ko‘p qiynalganman. Keyin repetitorga qatnab, astoydil o‘rganganman.

Davlat tilini yaxshi bilishim ayni paytda menga katta yordam beryapti.

Ikkinchi tavsiyam hujjatlar tayyorlash bilan bog‘liq. O‘z misolimda aytsam, Yevropaga kelishimda bu borada unchalik qiynalmaganman, chunki qanday hujjatlar kerakligi haqida Latviyadagi tanishimdan barcha ma’lumotlarni olganman.

Agar siz borayotgan mamlakatda tanishingiz bo‘lmasa, yaxshisi, universitet veb-saytidan oling. Agar u ma’lumotlar yetarli bo‘lmasa, universitet ma’muriyati bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘laning. Ular sizning savollaringizga aniq va batafsil javob beradi.

Polsha dasturchilarni yetishtirib chiqarish bo‘yicha yuqori o‘rinlarda turadi. Agar dasturlashga yoki kompyuter sohasiga qiziqsangiz, o‘qish uchun sizga Polshani tavsiya qilaman.

Onam meni xorijda o‘qitish uchun Yamanda ishlab kelgan
Biz oilada besh kishimiz: dadam, onam, ikkita opam va men. Dadamlar hozirda uyda dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Onamlar shifokor, katta opam hamshira, ikkinchisi esa maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi.

Mening orzularimga yetishimda ota-onamning va Niyozbek tog‘amning hissalari katta bo‘lgan. Onam meni o‘qitish uchun Yamanda bir muddat shifokor bo‘lib ishlab kelganlar. Hamisha ularga mos farzand bo‘lishga harakat qilaman.

Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi. «Daryo» muhbiri

Ulashing | Поделись этим: