Bolalarga haftada ikki marta baliqdan taom tayyorlab bersangiz…

Odam organizmiga shifobaxsh ta’sir etuvchi minglab omillar ichida ovqatlanish ayniqsa, o‘z vaqtida va me’yorida, zarur bo‘lganda esa parhezbop taomlar iste’mol qilish muhim hisoblanadi.

Baliq inson organizmini tozalovchi, suyak va tishlarni mustahkamlovchi shifobaxsh taom sifatida qadimdan sevib iste’mol qilinadi. Ayniqsa, tez hazm bo‘lishi va parhezbopligi baliqning qiymatini yanada oshiradi. Baliq go‘shti tarkibida juda ko‘p vitamin va mikroelementlar saqlanishi tufayli biologik qiymati ham mol va qo‘y go‘shtidan yuqori turadi. Baliq go‘shtining 100 grammida inson salomatligi uchun kerak bo‘ladigan bir kunlik — 0,2 milligramm yod saqlanadi.

O‘zida oqsil, vitamin, minerallar, ayniqsa, temir, yod, magniy, fosfor, ruxni saqlagan bu jonzot go‘shtini ko‘p va xo‘b yeng, sababi baliq odamni semirtirmay, organizmga kerakli quvvatni bera oladi. Baliqdan ko‘plab foydali moddalar, organizm uchun zarur bo‘lgan Omega-3 yog‘ kislotalari mavjud.
Shuningdek, baliqni iste’mol qilish bir qancha kasalliklarga koni foyda hisoblanadi. Ko‘rish qobiliyatini, uyquni yaxshilaydi, revmotoid artiritni yengillashtiradi, yurak kasalliklari xavfini, xolesterin darajasini kamaytiradi, modda almashinuvini tezlashtiradi, qon bosimini pasaytiradi, erkaklarda jinsiy quvvatni oshiradi, jigar uchun foydali hisoblanadi.

Bolalarga haftada ikki marta baliqdan taom tayyorlab bersangiz, raxit, kariyes, soch to‘kilishi, bo‘qoq dardlaridan asraysiz.

Baliq olayotganda avvalo uni tanlay bilish lozim, yangi tutilgan, sarxil baliqning et qismi oq yoki nimpushti, turiga qarab qizil rangda bo‘ladi. Baliq tanlaganda barmoq bilan tanasiga bosib ko‘ring, ezganda xuddi rezinka singari o‘z holiga darrov qaytsa, u yangi. Yana hidiga ham ahamiyat bering, o‘tkir hidli, go‘shti yashil yoki sarg‘ish bo‘lsa, yaqinlashmang. Sovutgichda xom baliq 3 kun, muzxonada bir necha oygacha saqlanishi mumkin.

Baliq go‘shti kimlarga tavsiya etilmaydi?

Allergik xastaliklar, qonda kalsiy darajasi yuqori bo‘lgan odamlarga, buyragi tez-tez og‘riydigan bemorlarga, o‘pka silida baliq tavsiya etilmaydi.

Baliqning boshi yoki ko‘zini yeyish mumkinmi?

Ko‘plar baliq boshini yeyishga ishtiyoqmand bo‘ladi. Ba’zilar esa bunga jazm qilolmaydi. Albatta, baliq boshida xuddi tanasi kabi foydali darmondorilar bor. Lekin baliq o‘ziga tez gijja ilg‘ab olishini ham inobatga olish kerak. Gijjaning aksariyat qismi aynan boshda to‘planadi. Shuning uchun baliq boshini yemoqchi bo‘lsangiz, qovurishdan avval, tuzli suvda obdon ivitib, 1 soat qaynatib, keyin qovurish kerakligini yodda tuting. Xuddi shu narsa baliqning ko‘ziga tegishli.

Baliqni me’yorida iste’mol qilish qonning ivish jaryonini tartibga soladi, qonda zararli xolesterin miqdorini kamaytiradi, tomirlar torayishi va tiqinlar paydo bo‘lishining oldini oladi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik
va jamoat salomatligi xizmatining
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Ulashing | Поделись этим: