Fidoyilik yohud hayratlanarli raqamlar

Filologiyaga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Nargizaxon Xoliqova (suratda) ta’lim bergan o‘quvchilarning birdaniga 200 nafari oliygoh talabasi bo‘ldi. Bu raqamlarni eshitganlar hayratga tushishi tabiiy. Uning zamiridagi mashaqqatli mehnatni esa faqatgina Nargizaxon his qila oladi, xolos.

Nargizaxon Xoliqova haqida eshitganimizda, o‘z yutuqlaridan mag‘rurlanadigan, o‘ziga bino qo‘ygan, gapga chechan ayol bo‘lsa kerak, degan xayolda edik. Lekin u bilan birinchi uchrashuvdayoq tasavvurlarimiz puchga chiqdi. O‘ta kamsuqum, kamtarin, samimiy Nargizaxonda o‘zbek ayoliga xos barcha fazilatlar mujassamligi unga nisbatan har qanday kishining hurmatini oshirishi tabiiy.

Nargizaxon salkam 20 yildan buyon yosh avlodga ona tili va adabiyot fanidan puxta saboq berish yo‘lida kuyinchaklik va jonkuyarlik ko‘rsatib kelayotir. U murg‘ak qalblar ongu shuuriga ona tilimizning boy imkoniyatlarini, o‘zbek adabiyoti namoyondalarining o‘lmas asarlari betakrorligini singdirish maqsadida sidqidildan mehnat qilmoqda. Nargizaxon ustozlari, tajribali o‘qituvchilar Rahimaxon Bozorova hamda Qanoatxon Mehmonovadan o‘z ustida tinimsiz ishlash, mashg‘ulotlar jarayonida faqatgina darsliklardan kifoyalanmaslik, o‘quvchini mustaqil fikrlashga undashdek zarur ko‘nikmalarni o‘rgandi. O‘rganganlarini dars mashg‘ulotlarida qo‘llab auditoriyada unga mehr bilan boqib o‘tirgan qora ko‘zlar qalbidan munosib o‘rin olishga erishmoqda.
Izlanuvchan muallimaning yana bir hech kimga o‘xshamas jihatlaridan biri- u har bir dars jarayonida ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy asarlaridan foydalanadi. Ya’ni u o‘quvchini bilim olishga, hunar o‘rganishga, xushxulq va odobli bo‘lishga, kattalarni hurmat qilishga undaganda shoir ijodiga murojaat qiladi. Ulug‘ shoir ijodini o‘rganishdan aslo to‘xtamaganligi bilan nafaqt hamkasblariga, balki o‘quvchilariga ibrat bo‘ladi. Nargizaxon Holiqovaning ilmiy izlanishlari asosida yozilgan va “Til va adabiyot ta’limi“ jurnalida chop etilgan “Alisher Navoiyning diniy asarlari” mavzusidagi monografiyasi adabiyot fani o‘qituvchilariga muhim qo‘llanma bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, tinib-tinchimas muallima darsdan bo‘sh vaqtlarida oliygohga kirish istagidagi ko‘plab yoshlarga adabiyot fanidan olgan bilimlarini yanada mustahkamlashga ko‘maklashyapti. Nargizaxon bilan yelkama yelka mehnat qilayotgan o‘qituvchilar – Ilhomjon Meliyev, Humoyun Rahmonov, Shohjahon Olimjonovlar sa’y-harakatlari, izlanishlari natijasida bu yil 200 nafar yigit-qizlari o‘zlari xohlagan oliygohlar talabasi bo‘lishdi.

Xushxabarning qanoti bor, deganlaridek ustozning nafaqat tumanimizda, viloyatimizda, balki, respublikamizda ham yuqori natijaga erishgani haqidagi xabar butun mamlakatimizga yoyildi. Shu bois ayni kunda namanganlik, toshkentlik, hatto xorazmlik yoshlar undan saboq olishyapti.

Azizaxon Soliyeva,

Masturaxon Ergasheva.

Ulashing | Поделись этим: