Tish cho‘tkangizni qanday tanlaysiz? Tanlash vaqtida nimalarga e’tibor berasiz? Narxigami? Rangigami?

Firmasigami (reklama qilinayotgan mahsulotlarni bozori ham chaqqonroq bo‘lsa kerak…)? Lekin noto‘g‘ri tanlangan tish cho‘tkasi og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklariga sabab bo‘lishi mumkin. Shu sababli cho‘tka tanlashda e’tiborli bo‘lish zarur. Bugun shu haqda gaplashamiz…

Cho‘tkalar 4 ta darajada qattiqlikda bo‘ladi – qattiq, o‘rtacha, yumshoq va juda yumshoq. Bu qutisida quyidagicha belgilanadi: «sensitive» – juda yumshoq, «soft» – yumshoq, «medium» – o‘rtacha qattiqlikda, «hard» – qattiq. «extra-hard» belgili cho‘tkalar esa tishlarda qattiq blyashkalar bor kishilar, ortopedik yoki ortodontik konstruksiyaga ega kishilarga mo‘ljallangan.

Juda yumshoq tish cho‘tkalari bolalar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, milk va tish kasalliklari mavjud katta kishilar ham foydalanishi mumkin. Tishlarni 1 va 2-darajali qimirlashlari bilan kechadigan parodontit, tish emalini karessiz shikasti kabi kasalliklarda ishlatiladi. Bunda tish emali yaxshi rivojlanmagan yoki umuman rivojlanmaganligiga e’tibor qilinadi. Bundan cho‘tkani stomatolog tavsiya etadi.

Yumshoq cho‘tkalarni esa milklar qonashi bilan og‘riydigan bemorlar, homiladorlar, emizikli ayollar, qandli diabet bilan og‘riganlar ishlatishi maqsadga muvofiq. Bunday cho‘tkada qattiq va noto‘g‘ri yuvish mumkin emas. Milklar qonaganida esa mahsus cho‘tkadan foydalanish yaxshiroq.

O‘rtacha qattiqlikdagi cho‘tkalar aholi tomonidan eng ko‘p ishlatiladigan cho‘tkalardir. Ulardan og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklari bo‘lmaganida foydalanish zarur.

Qattiq cho‘tkalar chekuvchilar, kofe ishqibozlari va tish blyashkalari ko‘p hosil bo‘ladigan kishilarga tavsiya qilinadi. Stomatologlar bunday cho‘tkani og‘iz bo‘shlig‘i sog‘lom va nisbatan mustahkam emali bor kishilarga tavsiya qilishadi.

Ekstra qattiq cho‘tkalar mahsus cho‘tkalar bo‘lib, olish mumkin bo‘lgan protezlarni tozalash, briketlar mavjud hollarda tishlarni yuvish uchun ishlatiladi.

Ulashing | Поделись этим: