Bolalarda ich qotishiga nimalar sabab bo‘ladi?

1. Yeguliklar va ichimliklar. Ovqatlanish rejimining buzilishi bolalarda ich qotishining asosiy sababchisi bo‘ladi. Yeguliklar tarkibida klechatka, ovqat tolalarining yo‘qligi va yetarli miqdorda suyuqlik ichmaslik ich qotishiga olib keladi. Bunda ahlat massasi quruq bo‘lib, harakatlanishi qiyin bo‘lib qoladi.

2. Ahlatni aqlan ushlab turish. Bolani defekatsiyaga chaqiriq bezovta qiladi, lekin o‘zi majburan ushlab turadi. Bu funksional ich qotishlarning eng ko‘p sababidir. Bolangizda oyoqlarini qisib olganini, tovonida o‘tirib olganini va shu kabi harakatlarini ko‘rsangiz defekatsiyaga chaqiriqni majburan bosayotganini o‘ylang. Uzoq vaqt ushlab turish ahlat massasi hajmini ko‘paytiradi va ich qotishiga olib keladi. Bolaning bunday qilishiga qator sabablar bor: avvalgi ich kelishi qiyin va og‘riqli bo‘lganligi (anal sohada yoriq, perianal sohani ta’sirchanligi, gemorroy), notanish va diskomfort holat (masalan, jamoat joylaridagi hojatxonalarga borgisi kelmasa), emotsional muammolar va depressiya.

3. Bolalarda ich qotishiga olib keladigan kasalliklar. Bunday kasalliklar anchagina ko‘pdir: qalqonsimon bez kasalliklari, ichak faoliyati buzilishlari, sigir sutiga allergiya va b. Agar ich qotishi boshqa kasallik sababli yuzaga kelayotgan bo‘lsa albatta o‘sha kasallikning boshqa belgilari ham bo‘ladi. Bundan tashqari ayrim dori vositalari ich qotishini keltirib chiqaradi.

Bolada ich qotishi bo‘lsa nima qilish kerak?

Klechatkaga boy yegulik bering. Shu maqsadda sabzavotli sho‘rva, taomlar bilan birga mevalar berish mumkin. Suyuqlikni yetarli ichishini ham nazorat qiling. Ko‘pgina bolalar gazlangan shirin ichimliklar yoki meva sharbatlarini ichishni yoqtirishadi. Bu esa ularning ishtahasini bo‘g‘ib, klechatkali taomlarni yetarli miqdorda yeyilishiga to‘sqinlik qiladi. Olxo‘ri, nok va olma sharbatlari esa yumshatuvchi ta’sir etib, ichaklar faoliyatini yaxshilaydi.

Bolangizga kunda ma’lum vaqtda hojatxonaga borishni o‘rgating. Odatda nonushtadan keyin, bog‘cha yoki maktabga ketishdan avval. Organizm ham biosoat kabi shu vaqtga moslashadi.

Surunkali ich qotishlarida esa davo uzoqroq vaqt davom etadi. Davolash erta to‘xtatilsa ich qotishining qaytarilishi ehtimoli yuqori bo‘ladi.

Ulashing | Поделись этим: