Vashingtonda qor yog‘di. Shahar hayvonot bog‘idagi pandalar bundan juda xursand (video)

Vashington hayvonot bog‘idagi pandalarning qorda miriqib o‘ynayotgani aks etgan video internetda mashhurlikka erishdi.

Ikki yildan buyon endi qor bilan burkangan Vashingtonda odamlar issiq uylariga kirib olishga oshiqishsa, Milliy hayvonot bog‘ hududidagi hayvonlar bundan shod. U yerda yashaydigan ikki panda aks etgan video odamlarga ijobiy kayfiyat ulashgan. Kuzatuv kamerasiga muhrlangan kadrlarda pandalar Mei Ksiang va Tian Tianning qor o‘ynashi, sirpanishi va umuman olganda qorli havodan xursandligini ko‘rish mumkin.

11 oylik Syao Ki Jining hayotidagi birinchi qor ekani sabab hammadan ham ko‘proq u hayratlangan. Ammo Syao ota-onasidan farqli ravishda sayrga chiqishni xohlamagan, shunchaki qorni biroz ushlab ko‘rgan, xolos. Ushbu video hayvonot bog‘i xodimlarining Twitter sahifasida e’lon qilingan.

Xitoyning tabiatni muhofaza qilish jamiyati tomonidan keltirilgan katta panadalar mazkur hayvonot bog‘ida vaqtincha, ya’ni 2023 yilga qadar saqlanadi. Ayni vaqtda hayvonot bog‘ining mini-populyatsiyasida uchta panda: ota-ona va ularning 11 oylik bolasi yashaydi.

Ulashing | Поделись этим: