Hayotda nima muhim? Pulmi yoki farzand tarbiyasi

Farg‘ona viloyatida o‘tgan yilda mahallalar hududida 1 ming 66 ta jinoyat aniqlangan.

Qasddan badanga shikast yetkazish, bezorilik, o‘g‘rilik, talonchilik, firibgarlik kabi jinoyatlarning ko‘paygani achinarlidir. Mahallani jinoyatdan xoli hududga aylantirish borasida ko‘plab ishlar olib borilayotgan bo‘lsa-da, ayrim joylarda bu o‘z samarasini bermayapti.

Chorbog‘ mahallasida yashovchi maktab o‘quvchisi A.N. jinoyatga qo‘l urdi. U yarim tunda uch nafar o‘rtoqlari bilan spirtli ichimlik ichib, ulfatchilik qiladi. Uy egasi uxlab qolganligidan foydalanib, uning avtomashinasini minib olib qochadi. Ko‘chada turgan ikki nafar o‘rtog‘ini ham mashinaga solib oladi. U mast holatda Yakkatut qishlog‘i hududidan o‘tgan Andarxon – Furqat yo‘nalishida avtomashina boshqaruvini yo‘qotgan. Natijada yo‘lning chap tomonida bo‘lgan o‘rik daraxtiga urilib to‘xtagan. Ular yengil tan jarohatlari olib, hodisa joyidan yashiringan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Beshariq tuman sudi tomonidan 11-sinf o‘quvchisi – voyaga yetmagan shaxsning jinoiy ishi ko‘rib chiqildi. Unga shartli hukm qo‘llanilib, ikki yil sinov muddati tayinlandi. Jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zarar undiriladigan bo‘ldi.

Xo‘sh, hali maktabni bitirmagan bu yosh o‘spirin nega jinoyat sodir etdi? Mahalla, maktab va boshqa mas’ul idoralar uning tarbiyasiga nega e’tibor qaratmadi? Bu kabi savollarning tug‘ilishi tabiiy. Biz “Chorbog‘” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Feruza Qambarovaning bu boradagi fikri bilan qiziqdik.

– Jinoyatni sodir etish omil va sabablari mahallamizda chuqur muhokama qilindi, – deydi mahalla raisi. – O‘zim bu bolaga murabbiyman. Ota-onasi savdogarlik bilan shug‘ullanib, farzand tarbiyasiga e’tiborsiz bo‘lgan. Hatto tuni bilan qayerda yurishi bilan qiziqmagan. Albatta, bunda biz mahalladagilarning ham aybimiz bor. Hozirda bu o‘quvchi nazoratimizda. Maktablarda o‘tkazilayotgan tadbirlarga jalb qilyapmiz. Yoshlar o‘rtasidagi bitta jinoyat ham aslida fojia. Bunga aslo befarq qarab bo‘lmaydi. bugungi kunda tirikchilik vaji bilan aksariyat oilalarda farzand tarbiyasiga e’tibor susaydi. Ayrim ota-onalar bolalarini nazoratsiz qoldirib, yillab xorijda ishlaydi.

Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra, voyaga yetmaganlar o‘rtasida sodir etilgan jinoyatlarga farzandlar tarbiyasi bilan ota-onalar yetarli darajada shug‘ullanmasligi, oiladagi doimiy janjallar sabab bo‘lmoqda.

Mahallani jinoyatdan xoli hududga aylantirish oson ish emas. bugungi kunda Beshariq tumanida 62 ta mahalla fuqarolar yig‘ini bor. O‘tgan yilda mahalla hududida 243 ta jinoyat sodir etilgan. “Yuqori Zarqaynar”, “Kulolobod”, “Dala Hamid Olimjon”, “Yangi qashqar”, “Pastki Yakkatut” mahalla fuqarolar yig‘inida kriminogen vaziyat og‘ir.

– Jinoyatchilikni jilovlash va turli huquqbuzarlikni oldini olishda mahallaning o‘rni beqiyos, – deydi tuman mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Gulchehraxon Yo‘ldosheva. – Shu bois mamlakatimizda bu tizimning jamiyat hayotidagi rolini oshirish, vakolatlarini kengaytirish, har bir mahallani jinoyatdan xoli hududga aylantirishga muhim e’tibor qaratilmoqda. Tumanimizdagi mahallalarda jinoyat va huquqbuzarliklar tizimli ravishda mahallada muhokama qilinyapti. Ta’sir chorasi sifatida “jamoatchilik izzasi” qo‘llanilmoqda. Ammo, tan olish kerak, qilinayotgan bu sa’y-harakatlarga qaramay, mahallalarda jinoyatlar, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar soni kamaymayapti. Tayanch punktlarining fuqarolar yig‘ini bilan bir binoda joylashtirilishi, profilaktika inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilari shtati joriy etilganiga qaramay, huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid chora-tadbirlar kutilgan natijalarni bermayapti. Avvalo, mahalla raislari, o‘rinbosarlari bunda mas’uliyatni oshirishi kerak.

Qaysiki mahallada jinoyatchilikning oldini olish uchun barcha bir yoqadan bosh chiqarsa, bu illatga qarshi odamlarda murosasiz kayfiyat shakllansa, o‘sha hududda tinchlik-osoyishtalik ta’minlanib, ezgu ishlar keng quloch yozadi. Aholi xotirjam hayot kechirib, yurtda olib borilayotgan islohotlarga ishonchi ortadi. Aholi bilan ishlashda “mahallabay” tizimining joriy etilishi jinoyatchilik va huquqbuzarlikni oldini olishda ham katta samara beradi. Endi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tizimidagi barcha mas’ullar mahallalarda, odamlar orasida yurib, ularning muammolarini o‘rganadi, aholini qiynayotgan masalalarga yechim topadi.

Ulashing | Поделись этим: