Xorijda olingan diplom O‘zbekistonda tan olinadimi?

“Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning 60-moddasiga ko‘ra, xorijiy davlatda 1992 yil 1 yanvardan keyin olingan ta’lim to‘g‘risidagi hujjat tan olish jarayonidan o‘tkazilganidan keyin O‘zbekiston Respublikasining butun hududida qonuniy kuchga ega hujjat sifatida tan olinadi.

Xorijiy davlatda olingan ta’lim to‘g‘risidagi hujjatni tan olish Ta’lim inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Shuningdek, Prezidentimizning 2019 yil 16 yanvardagi “Ta’lim sifatini nazorat qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2019 yil 1 martdan boshlab quyidagi shaxslarning xorijiy davlatlarda berilgan diplomlari to‘g‘ridan to‘g‘ri (maxsus sinovlarsiz) tan olinib va nostrifikasiya qilinishi belgilandi.

– O‘zbekiston hududida alohida bo‘linmalari (filiallari) va qo‘shma ta’lim muassasalari faoliyat yuritayotgan xorijiy ta’lim muassasalarida ta’lim olgan O‘zbekiston fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning;

– QS, THE, ARWU reytingida TOP-1000 talikka kirgan xorijiy OTMlarda ta’lim olganlarning (ilgari TOP-500 edi);

– Tasarrufida OTMlari bo‘lgan O‘zbekiston vazirlik va idoralarining yo‘llanmalari asosida mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun xorijiy davlatlar tomonidan ajratilgan kvotalar (grantlar) hisobidan ta’lim olgan fuqarolarning;

– 1992 yil 1 yanvargacha xorijiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan fuqarolarning;

– Oliy ta’limda sifatni kafolatlash Yevropa assotsiatsiyasining to‘laqonli a’zolari – vakolatli tashkilotlar tomonidan akkreditatsiya qilingan ta’lim muassasalarida ta’lim olgan fuqarolarning, ayrim istisnolar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi;

– AQSH, Avstraliya, Isroil, Kanada, Singapur, Janubiy Koreya, Yaponiya davlatlarining ushbu davlatlar vakolatli tashkilotlari tomonidan akkreditatsiya qilingan ta’lim muassasalarida ta’lim olgan fuqarolarning, ayrim istisnolar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Diplomni nostrifikasiya qilish to‘g‘risidagi arizalar faqatgina Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi.

(Ushbu material TDYUUning “Yuridik klinika”si talabalari tomonidan o‘qituvchilar nazorati ostida tayyorlandi).

Ulashing | Поделись этим: