Zahiriddin Muhammad Boburga kim ism qo‘ygan?

Bundan 538 yil oldin, Farg‘ona viloyatini idora qilayotgan temuriyzoda Umarshayx Mirzo xonadonida Zahiriddin Muhammad Bobur dunyoga keldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Zahiriddin Muhammad ismini yosh shahzoda uchun o‘sha davrdagi Movarounnahrning atoqli ulamolaridan bo‘lgan Xoja Nosiriddin Ubaydulloh Ahror Valiy tanlagan.

Keyinchalik chig‘atoylar arabcha “Zahiriddin” so‘zini talaffuz etishga qiynalganliklari bois ota-onasi uni Bobur deb ataydigan bo‘lib qolishgan. Shunday qilib, rasmiy hujjatlarda ulug‘ shoir, adib va hukmdor nomi Zahiriddin Muhammad Bobur tarzida qo‘llana boshlangan.

Bobur Mirzoning umri to‘s-to‘polon, urush-yurishlarda o‘tgan bo‘lsa ham, o‘z davrining ilg‘or fani yutuqlarini juda o‘tkir va betakror aql-zakovati bilan puxta egalladi. Atigi qirq yetti yil umr ko‘rgan olijanob inson va ulug‘ shoh avlodlarga o‘zining bebaho adabiy, ilmiy merosini qoldirdi. U yigirma yoshida “Xatti Boburiy”ni kashf qildi. Sharq mumtoz adabiyotining turli janrlarida ajoyib she’rlar yozib, devon tartib berdi. “Boburnoma”day ulkan hajmli tarixiy-badiiy asarini yaratib, turkiy nasr imkoniyatlarining beqiyos ekanligini amalda isbotladi.

Adabiyotshunoslik borasida turkiy aruzning xususiyatlariga oid “Muxtasar” asarini yozdi. Din asoslariga bag‘ishlangan she’riy risolasi “Mubayyin”ni yaratdi. Shuningdek, naqshbandiy tariqatining peshvosi Xoja Ahrori Valiyning “Volidiya” asarini she’riy usulda turkiy tilga tarjima qildi. Bulardan tashqari, Bobur Mirzoning musiqa va harbiy bilimlarga oid risolalar yozgani ham manbalarda bayon etiladi, biroq bu asarlarning taqdiri hamon noma’lumligicha qolmoqda.

Ulashing | Поделись этим: