Ikki nafar shaxmatchimiz FIDE reytingida TOP-10dan joy oldi

Xalqaro shaxmat federatsiyasi, yaʼni FIDE fevral oyi uchun o‘zining yangi reyting jadvalini eʼlon qildi. Eʼtiborlisi, tashkilotning o‘smirlar reytingida ikki nafar hamyurtimiz kuchli o‘ntalikdan joy olishdi. Bular – Nodirbek Abdusattorov (reytingda 4-o‘rinni egallab turibdi) hamda uning adashi Nodirbek Yoqubboyevdir (8-o‘rin).

Taʼkidlash joiz, Abdusattorovdan yuqorida turgan uch nafar shaxmatchi yosh jihatidan hamyurtimizdan bir-ikki yoshga katta sanalishadi. O‘smir va yoshlar toifasida bir yosh ham katta o‘rin tutishini inobatga olsak, N.Abdusattorov o‘z yosh toifasida dunyoda yetakchi ekani oydinlashadi.

Shuningdek, yana ikki nafar yosh va iqtidorli shaxmatchilarimiz TOP-30ga kiritilgan. Dunyodagi eng yosh grossmeysterlardan biri Javohir Sindorov 26-pog‘onada qayd etilgan bo‘lsa, Shamsiddin Vohidov 30-o‘rinni egallab turibdi.

O‘smirlar reytingini esa asli eronlik, ammo hozirda xalqaro musobaqalarda FIDE bayrog‘i ostida ishtirok etayotgan Alirizo Feruziy boshqarib bormoqda. Kuchli uchlikdan Rossiya terma jamoasi aʼzosi Andrey Yesipenko hamda yana bir Eron shaxmat maktabi vakili Muhammadamin Tabatabay o‘rin olgan.

Quyidagi jadval orqali FIDEning o‘smirlar reytingi bilan tanishasiz:

Ulashing | Поделись этим: