Ikki baho hech narsa emas, hamma gap bilimda.

Blogerlar minbari:

Agar farzandingiz ta’limiga bee’tibor bo‘lmasangiz, bu maqola aynan siz uchun.

Bugun bir o‘qituvchi bilan gaplashib qoldim, uning aytishicha u juda qattiqqo‘l o‘qituvchi ekan, uchta xato uchun ham ikki baho qo‘yar ekan.

G‘irt sovetcha ta’lim qoldiqlari, lekin afsuski, bizning ta’lim tizimimiz hali ham o‘sha baholash tizimida qolib ketgan.

Xatolar.

Ko‘pchilik ikki baho motivatsiya beradi va qattiqqo‘llik yaxshi o‘qituvchining belgisi hisoblanadi deb xato o‘ylashadi. Bizning baholash tizimimiz o‘zi mukammal emas, chunki ular bor yo‘g‘i to‘rtta (2,3,4,5), ko‘pchilik o‘qituvchilar ikki qo‘yishni plandan oshirib yuboradi.

Bu nimaga olib keladi?

Birinchidan, bolaga darhol ikkichi, uchchi, to‘rtchi, a’lochi degan tamg‘alar yopishtiriladi. Bu ham mayli, bola ikki uchun o‘yida ham javob berishi kerak.

Ikkinchidan, atrofdagi insonlarda bola haqida umumiy fikr paydo bo‘ladi, matematikadan ikki baho olib yurgan o‘quvchi boshqa fandan yaxshiroq o‘zlashtirsa, darhol unga boshqacha qarashlar boshlanadi. Ya’ni miyadagi dastlabki fikr o‘rnini bo‘shatgisi kelmaydi.

Uchinchidan, bolalar o‘rtasida munosabat buzila boshlaydi, a’lochilar ikkichilar bilan, ikkichilar a’lochilar bilan gaplashmay qo‘ya qoladi.

To‘rtinchidan, bola o‘qituvchiga do‘stday qaramaydi, undan biror narsa so‘rashga ham qo‘rqib qoladi.

Hayotiy tajribaga asoslanadigan bo‘lsak, hayotda a’lo baholarga o‘qigan bolalarning mag‘lubiyatga uchrashi va o‘zini o‘nglay olmaydigan darajaga kelib qolishi ikki yoki uch bahoga o‘qigan bolalarga qaraganda ko‘proq uchrar ekan. Atrofingizga bir razm soling, siz bilan bir sinfda o‘qigan, maktabni a’lo baholarga tugatgan o‘quvchilarning nechtasi hayotda o‘z o‘rnini topib muvaffafiyatga erishgan?

Endi palonchiga o‘qituvchi bir ham qo‘ymas edi, lekin u bugun palonchiboy bo‘lib ketgan degan do‘stlaringizni bir eslang…

Qiziq ha? 🤗

Nega bilasizmi?

Chunki insonda o‘zini isbotlashga, boshqalarga ko‘rsatib qo‘yishga moyillik bo‘lar ekan, ikkichi va uchchilarda ana shu moyillik kuchliroq bo‘lar ekan.

Bu bilan bolaning baholariga umuman e’tibor bermang, mayli ikki olib kelaversin demoqchi emasman, bola qaysidir mavzudan ikki baho olishi bu hayotda bo‘ladigan hol, bu hayotda biz har sohada mukammal bo‘la olmaymiz, lekin bolada boshqa sohaga, masalan, dasturchilikka talanti bo‘lishi mumkin-ku.

Bolani baholarga emas, hayotga tayyorlang.

Manba: «tentakminds» blogi

Ulashing | Поделись этим: