Hamma narsani axborot olamiga to‘nkash noto‘g‘ri, o‘zimiz bolalarga kam vaqt ajratyapmiz

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda o‘smir yoshdagi o‘quvchilarning bezori harakatlari bilan bog‘liq video tasvirlar va beodob voqealar ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Biz katta avlod vakillari bu holatlarga befarq bo‘lmay, uning kelib chiqish sabablarini tahlil qilishimiz lozim. Nimaga bunday voqealar urchib bormoqda?

Hamma narsani axborot olamiga to‘nkash ham noto‘g‘ri. Biz bolalarga kam vaqt ajratmoqdamiz. Samimiy suhbatlar qilmayapmiz. Turmush tashvishlari bilan bo‘lib, bola yolg‘izlanib qolmoqda. Bekor qolgan, mehrga muhtoj, zerikkan bola ko‘cha ta’sirida shunday nojoiz ishlarga qo‘l urib, jamoatchilikni xijolatga solmoqda.

Ma’lumki, o‘smirlik – shaxs shakllanishidagi asosiy davrdir. Bu davr ayrim maxsus psixologik adabiyotlarda «o‘tish davri», «og‘ir davr», «inqiroz davri» kabi nomlar bilan ataladi. Shu davr bo‘shliqqa duchor bo‘lmoqda.

O‘smirlik davrining og‘ir, murakkab davr ekanligi ko‘plab psixologik, fiziologik, ijtimoiy omillar bilan bog‘liq. Bu davrda rivojlanishning barcha jihatlari: jismoniy, aqliy, axloqiy, ijtimoiy va shu kabilarning mazmun mohiyati ham o‘zgaradi. Bu davrda o‘smir hayotida uning ruhiyati, organizmining fiziologik holatlarida, uning ijtimoiy holatida jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘ladi.

O‘smirlar turli xil qoida va cheklovlarga qarshilik ko‘rsatishadi, shuni ham inobatga oling va har bir vaziyatni imkon qadar mehr va sabot bilan tushuntiring.

Biror narsaga izoh bermay, taqiqlayvermang. Avval «nima uchun?» degan savolga javob berishingiz kerak. Aks holda, farzandingizning do‘sti siz emas, balki ko‘chadagi oshna-og‘aynilari bo‘lib qoladi. Maslahatni kanda qilmay, hayot yo‘lini ham ana o‘shalar ko‘rsatib turishadi. Shuning uchun keraksiz do‘stlar o‘rniga o‘zingiz do‘st bo‘lib, zararli odatlar o‘rnini foydalilari bilan almashtiring.

Har bir o‘smir mustaqil qaror qabul qilishda o‘zini yetarlicha oqil va dono, deb hisoblaydi. To‘g‘ri yo‘lga solish esa, sizning ota-onalik iqtidoringizga bog‘liq.

Masalan, xonadoningizga biror o‘zgartirishlar kiritmoqchisiz, mehmon chaqirmoqchisiz, remont yoki obodonlashtirish ishlarini rejalashtirgansiz, bu borada farzandingiz fikrini so‘rang va albatta, uni inobatga oling. Shunda farzandingiz, uning fikri-yu, maslahatlariga hurmat bilan qarashingizni ko‘rib, o‘zini oilaning ajralmas bo‘lagi, deb hisoblaydi.

Iloji bo‘lsa, maktabdan bo‘sh vaqtlarida ish egalari va tadbirkorlarga  shogirdlikka berib nazorat qilib turing. Turli to‘garak, kurs va sport bilan band qiling. Uning bo‘sh vaqtini nazoratsiz qoldirmaslik kerak.

Kitoblar, maqolalar va badiiy adabiyotlarni farzandlaringiz bilan o‘qing. Mana hozir seriallar namoyish etilmoqda. Bu seriallarga nuqul salbiy munosabatlarda bo‘lavermay, qiyosiy yuqori sinfda o‘qiydigan farzandlaringiz bilan muhokama qiling.

O‘zingizni qiziqtirgan oid so‘zlarni lug‘atdan ko‘chirib, daftarlarga yozib chiqing. Bolalarga berilgan topshiriqlarni hamisha o‘zingiz bilan olib yuring. Chunki bo‘sh vaqtlarda unga qarab, so‘zlarni esga olish, yodlatish mumkin.

Farzandlaringiz bilan ishingiz samarali bo‘lishini istasangiz, birdaniga ko‘p so‘zni yodlashga kirishmang. Boshida kuniga 7-8 ta so‘z kifoya. Keyinroq qancha so‘zni o‘zlashtirishga qurbingiz yetishi o‘z-o‘zidan oydinlashadi. O‘rganilgan so‘zlarni amalda qo‘llab ko‘ring. Shunda ular farzandlaringiz xotirasida mustahkam o‘rnashib qoladi.

Mamlakatimizning har bir oilasida maktab yoshidagi bolalar bor. Buva va buvilar, yosh ota-onalar bor. Namunali bolalar ham, tartibsiz, tashvish keltirayotgan yoshlar ham chetdan emas, balki o‘zimizning oramizdagi oilalardan kelib chiqmoqda. Oilada tarbiya ishini to‘g‘ri rejalashtirib, bolalarni o‘zimizga sirdosh tutsak, shuning o‘zi yetarli.

Baxtiyor KARIMOV,

O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi

Ulashing | Поделись этим: