“KO'ZGA KO'RINMAS XAZINA” - Dono.uz

“KO’ZGA KO’RINMAS XAZINA”

Ba’zida atrofimizda xotirasidan noliydigan insonlarni ham ko’p uchratamiz. Ayrimlarning esa biror voqea, ma’lumot yoki raqamlarni yodda saqlashiga ko’pincha qoyil qolamiz. Ammo bu imkoniyatlar har bir insonda, hatto o’zimizda ham borligini bilasizmi? Bunga avvalo xotiramizni mashq qildirib, uning qobiliyatlarini kengaytirish orqali erishish mumkin. Quyida shular haqida.

HARDAMXAYOL MASHHURLAR

Val`ter Skotgga qarigan chog’ida o’zi yaratgan dostonni o’qib berishganida hayron bo’lgan va: «Bu ajoyib asar muallifi kim?» deb so’ragan ekan. Yozuvchi Dostoevskiy esa «Xo’rlanganlar va haqoratlanganlar» asarining hatto bosh qahramonlari ismini ham unutgan. «Botaniklar otasi» Karl Linney o’zi yaratgan asariga havas bilan boqar ekan, “qanday yaxshi kitoblar, qani endi shularni men yozgan bo’lsam”, deb orzu qilgan…

YALQOVLIK XOTIRANI PASAYTIRADI

Olimlarning fikricha, inson xotirasining pasayishi faqatgina uning qariligi bilan bog’liq emas. Bu pasayishning kuchayishiga biz o’zimiz sababchi bo’lamiz, ya’ni qarilikda jismonan kam quvvatlashib, miyamizni ham kam ishlatamiz. Bu esa miya yalqovligiga, parishon-xotirlik va nihoyat xotira pasayishiga olib keladi. Axir jismoniy mehnatga talab qilingan kuch miyani, xotirani ishlatishga talab qilinmaydi. Frantsuz olimlarining so’nggi yillardagi ilmiy izlanishlari natijalariga ko’ra, inson miyasi va uning qobiliyati yomonlashishining eng asosiy sabablaridan biri dangasalik va aqliy mehnatdan qochishdir. Aynan dangasalik esa avvaliga parishon-xotirlik, keyinchalik esa xotiraning yomonlashishiga olib keladi.

XOTIRA TURLARI

Motor xotira — xotiraning eng qadimiy turi. U esda saqlash va turli harakatlarni bajarishga mas’ul. Biz bu turga binoan, avtomatik tarzda turli harakatlar bajaramiz. Masalan, qoshiqni qo’lga olganimizda buni qanday bajarish kerakligini har safar eslashimizga qojat yo’q.

Sensor xotira — hissiyot organlaridan kelayotgan axborotni ishlab chiqadi va uni juda qisqa muddatga ushlab turadi

Qisqa muddatli xotira — bu xotira turi bizga biror faoliyat jarayonida ma’lum operatsiyalarni bajarish uchun kerak. masalan, o’qish paytida bu xotira alohida harflar ahamiyati yoki navbatdagi so’zni ilib olishga qaratiladi.

Uzoq muddatli xotira — o’zidagi axborotni uzoq vaqt  davomida saqlaydi. Odam hayoti davomida axborotning ma’lum qismi yo’qoladi, 72 foizi esa butun umr saqlanib qoladi.

SAVOLIM BOR:

14 yoshdaman. Darsda eshitgan-o’qiganlarim hech esimda qolmaydi. Xotiram shunchalik yomonmikin? Qanday yo’l tutsam bo’ladi?

Malika, Toshkent

Aziza Avazova, psixolog: Masalan, ana shunday ayrim o’quvchi-yoshlar xotirasidan nolisa, menda bir savol tug’iladi: aslida ularni o’rganilayotgan ma’lumot qiziqtiradimi, o’qituvchi ularda bilim o’rganishga ishtiyoq uyg’ota oldimi?

Oddiy misol: odatda zerikarli, qiziqarli bo’lmagan ma’lumotlar yaxshi esda qolmaydi. Bundan tashqari, agar o’qish davomida miya boshqa o’y-xayollar bilan band bo’lsa ham, biror matnni umuman esda qoldirib bo’lmaydi. Va aksincha, qaysidir fakt, xabar yoki raqamlar sizni hayajonga solsa, xursand yoki xafa qilsa, o’sha narsalar xotiraga mahkam o’rnashib qoladi. Aslida ham shunday, xotira kishining ko’ngliga yaqin narsalarni yodida qoldirib, befarq qaraganlarini esa chiqarib yuboradi. Demak, siz xotirada saqlab qolmoqchi bo’lgan narsalarni chuqurroq, o’rganishga harakat qiling va bu sizni qiziqtirib qo’yadi. Ikkinchidan, nima bilan shug’ullanayotgan bo’lsangiz, o’shanga butun e’tiboringizni qaratishga harakat qiling. Lekin yaqinda yana bir tadqiqot xulosalari e’lon qilindi. Olimlar insonning  emotsional holati va xotirasi bilan bog’liq zich aloqani aniqlaganlar. Agar inson imtihon paytida qattiq hayajonlansa, uning xotirasi yomonlashib, shu yergacha o’qib-o’rganib kelgan bilimlarini bir zumda esdan chiqarar ekan. Bu endi boshqa masala.

XOTIRA haqida yana 7 fikr

  • Oziq tishlar sug’urib olinganda xotira yomonlashadi.
  • Odam o’z xotirasining o’rtacha 10 foiz imkoniyatlaridangina foydalanadi.
  • Tungi bedorlik eslab qolish qobiliyatini 40 foizga kamaytiradi.
  • Xotiradagi ma’lumotni izlash jarayonini ishga tushirishdan esga kelgan ma’lumotni tilga chiqargunga qadar taxminan 5,4 soniya o’tadi.
  • Erkaklar ayollarga qaraganda xotirasi buzilishidan ko’proq qiynalishadi.
  • Vitaminlar S, YE, V6, V12, yog’ kislotalari xotiraning yaxshi bo’lishini ta’minlaydi. 100 milligramm kofein miyaning qisqa fursatli xotiraga javobgar bo’limini rag’batlantiradi. Buning uchun ikki stakan qahva ichsangiz, kifoya.
  • Tabiat qo’ynida bir soat sayr qilish qisqa fursatli xotirani 20 foizga yaxshilaydi.

Abiturientga tavsiya:

XOTIRADA SAQLASH SIRLARI

Ma’lumotlarni yodda saqlash uchun bir necha qoidalarni esdan chiqarmaslik kerak:

*Har qanday matn ustida qo’lda qalam bilan ishlash yaxshiroq. Bo’limlarga savol qo’yish, kalit so’zlarni belgilash va bu haqda yozib borish zarur:

*Odatda ma’lumotning boshi yoki oxiri ko’proq esda qoladi, o’rtasi esa negadir «tushib» qoladi. Siz avvalo, qabul qilib olayotgan axborotning markaziy qismiga ko’proq e’tibor qaratsangiz maqsadga muvofiq;

*O’rganilayotgan material hajmi ortib borgani sayin uni yodda saqlab qolish qiyinlashadi. Shuning uchun aniq va gumanitar predmetlarni ketma ketlikda o’rganish kerak.

Takrorlash – samarali yechim

Imtihonga tayyorlanishda materialni takrorlashning samarali usullari:

*Birinchi takrorlash — o’qishni tugallagandan so’ng darhol;

*Ikkinchi takrorlash — navbatdagi ma’lumotdan keyin 20 daqiqadan so’ng;

*Uchinchi takrorlash — 8 soatdan so’ng;

Unutmang, bunday ko’rinishda o’z-o’zini tekshirib ko’rishni qo’lingizdagi darslikni yopib qo’ygan holda olib borish kerak. Faqat shundagina ma’lumotlarning xotirada haqiqatdan ham saqlanib qolganini bilish mumkin.

KO’ZGA KO’RINMAS XAZINA

Eslash qobiliyati xotiramizda saqlanadigan axborotlar yig’indisi bo’lib, bular aslida bolalikdan asta-sekin yig’ilib boradi. Umr bo’yi yig’ilib kelayotgan axborotlar bosh miyada uzoq saqlanib, bizning ko’rinmas oltin manbaimizga aylanadi. Bolaning bosh miyasi qanchalik rivojlangan bo’lsa, u tevarak-atrofga shunchalik qiziqadi, xotirasi yaxshi bo’ladi. Miyaga axborotlar ko’z, quloq, teri, sezgi organlari orqali yetib boradi. Agar bola yoki katta kishi axborotlarga boy bo’lsa, ularda bilim doirasi kengayadi.

Shoh JAHON tayyorladi

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi.

Free WordPress Themes