Toshkentda xotin-qizlar oʻrtasida “Nilufar” shaxmat turniri oʻtkazildi

Xabaringiz bor, 2021-yil 14-yanvar kuni davlatimiz rahbari tomonidan yana bir muhim hujjat – “Shaxmatni yana-da rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori imzolandi.

Unda nafaqat professional darajada shaxmat bilan shugʻullanuvchilarga, balki havaskor shaxmatchilarga ham keng imkoniyatlar yaratish koʻzda tutilgan.

“Artel” kompaniyasi hamda “Sky Chess” bilan hamkorlikda tashkil qilingan “Nilufar” shaxmat turniri ham iqtidorli, intellektual ayollar hamda qizlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida oʻtkazildi.

Bayram arafasida oʻtkazilgan ushbu turnirda “Artel” korxonalar guruhi boshqaruv raisi Qobul Toshmuhammedov soʻzga chiqib nima sababdan aynan shaxmat turniri oʻtkazilayotganiga oydinlik kiritdi.

«Oʻylaymizki, ushbu turnir chin maʼnoda barcha ishtirokchilarning aqliy zakovatini sinovchi koʻprik boʻladi.

Biz nima uchun aynan sportning shaxmat turini tanladik, nima sababki aynan bu turnirni ayollar oʻrtasida oʻtkazyapmiz. Sababi, jamiyatimizda ayollarning aqliy salohiyatini oshirish, ularning iqtidorini ragʻbatlantirish va shaxmatning yurtimizda yana-da rivojlanishiga hissa qoʻshishdan iborat», dedi Toshmuhammedov.

Ushbu turnirga 15 nafar Toshkent shahrida joylashgan 21-22-23- sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchi qizlari jalb qilingan. Qolgan 35 nafari “Artel” kompaniyasining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida berilgan eʼlon orqali roʻyxatdan oʻtgan ishtirokchilardan iborat. Turnirga Oʻzbekiston tarixida ayollar oʻrtasida birinchi xalqaro grossmeyster maqomini olgan Nafisa Moʻminova va uning singlisi – grossmeyster Hulkar Moʻminovalar hakamlik qiladi.

“Bu turnir toʻrtinchi yil oʻtkazilmoqda. Bu yil «Artel” kompaniyasi taklif bilan chiqdi, shu turnirga biz homiylik qilamiz deb. Qizlarni shaxmatini biz qoʻllab-quvvatlaymiz deyishdi. Bu tashabbus uchun katta rahmat. Oʻylaymanki, bu hamkorligimiz yana davom etadi», deydi Oʻzbekiston tarixida ayollar oʻrtasida birinchi xalqaro grossmeyster maqomini olgan Nafisa Moʻminova.

Ulashing | Поделись этим: