“Raqamli avlod qizlari”dan daun sindromli bolalar uchun mobil ilova

Forumning birinchi taqdimoti daun sindromli bolalarning umumiy ta’lim olishiga yo’naltirilgan “Porla” ijtimoiy loyihasining mobil ilovasi haqida bo’ldi.

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Raqamli avlod qizlari-2021” forumi mamlakatimizda qizlarning axborot-texnologiyalari sohasiga qiziqishini oshirish hamda ishtirokini ragʻbatlantirishga, taʼlimni targʻib qilishga va yetakchilik qobiliyatini rivojlantirishga qaratilgan.

— Yurtboshimiz tomonidan iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, xotin-qizlarning turli sohalarda oʻz oʻrniga ega boʻlishi hamda ularni zamonaviy kasblarga yoʻnaltirishga alohida etibor qaratilmoqda, — dedi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi rahbari Hilola Umarova. — Ushbu forum ham ayni shu maqsadni koʻzda tutadi.

Ushbu loyiha eshitishida nuqsoni bor qizlarga ham oʻz iqtidorlarini namoyish etish imkonini yaratdi. Qatnashchilar taʼlim, tibbiyot, turizm sohalarida maʼlum ijtimoiy muammo yechimiga yoʻnaltirilgan loyihalar ishlab chiqishdi.

Forumda 1241 nafar qizlar qatnashish istagini bildirib, ulardan 45 nafari 2 bosqichli saralash asosida tanlab olindi. Forumning birinchi taqdimoti daun sindromli bolalarning umumiy taʼlim olishiga yoʻnaltirilgan “Porla” ijtimoiy loyihasining mobil ilovasi haqida boʻldi. Taqdim etilgan loyihalar hakamlar hayʼati tomonidan baholandi va har bir yoʻnalish boʻyicha eng dolzarb va innovativ deb topilgan loyiha ishtirokchilari ragʻbatlantirildi.

Taʼlim yoʻnalishi boʻyicha gʻoliblikni qoʻlga kiritgan daun sindromli bolalarning umumiy taʼlim olishiga yoʻnaltirilgan “Porla” ijtimoiy loyihasining mobil ilovasi koʻpchilikning etiborini tortdi. Tibbiyot yoʻnalishi boʻyicha taqdim etilgan E-Med loyihasi ham Forumda eng yaxshi loyihalardan biri deb topildi. Ushbu loyiha yurtimizdagi barcha tibbiyot maskanlari, tibbiy varaqalar va tibbiy tashxislar bilan bogʻliq barcha maʼlumotlarni elektron shaklga oʻtkazishni taʼminlashga qaratilgan.

Turizm yoʻnalishida taqdim etilgan gidlar topish, tashriflar boʻyicha “Review” va xizmatlarning aniq narxlari koʻrsatilgan maʼlumotlarni jamlashga qaratilgan loyiha soha boʻyicha mavjud muammolar yechimiga yoʻnaltirilgan.

Ulashing | Поделись этим: