Mehr niholi oʻtqazilgan kun

«Saxovat insoniyat bogʻining hosildor daraxti,
balki u daraxtning foydali mevasidir».
Alisher Navoiy.

Darhaqiqat, bu fikrlarning zamiridagi maʼno bugun siz-u bizning hayotimizga nur bagʻishlovchi quyoshga aylanib ulgurgan. Chunki inson fıtratı saxovatga moyil qilib yaratilgan.

Tugʻilishimizdan mehr saxovatini izlab tugʻilamiz va bu qidirishimiz to oʻlgunimizcha davom etadi.
Hayriyatki, insonning aqlini texnika, koʻnglini internet egallagan bugungi zamonimizda ham saxovatli insonlar talaygina.

Kuni kecha 17-mart Xalqaro Ijtimoiy Ish Kuni va eshik qoqib bizni qutlamoqchi boʻlib turgan Navroʻzi olam munosabati bilan OʻzLiDePartiyasi Fargʻona shahar kengashining tashabbuskor deputatlari Bahodirjon Hamidov, Hayotjon Erkaboyev va tadbirkor Doniyor Abdullayevlar tomonidan » Emirant» kafesida tashkillangan shodiyona Fargʻona imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar maktabining 135 nafar oʻquvchilari uchun ajoyib bayram sovgʻasi boʻldi desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Bayram dasturxoni atrofida oʻtkazilgan tadbirda muhtoj oʻquvchilar uchun nogironlik aravachalari, kiyim-kechaklar va «Dono nashriyoti» tomonidan barchaga sport ryukzaklari, nashriyotda chop etiluvchi «Bilimdon», «Znayka», «Dono Word», va «Eksellent» jurnallaridan esdalik sovgʻasi sifatida ulashildi.

Kuy-qoʻshiqlar va qaynoq suhbatlarga boy boʻlgan tadbir koʻtarinki ruhda yakunlandi.

Ikkilanmay shuni aytolamizki, tadbirda ishtirok etgan 135 nafar oʻquvchining koʻngliga yana bir mehr niholi oʻtqazildi. Qalblarida mana shu saxovatli insonlarga oʻxshash, xuddi ulardek mehr ulashish orzusi paydo boʻldi.

Inshaalloh, bu orzu kun kelib, maqsadga aylanib, amalga oshsa, koʻngillaridagi mehr niholi oʻz atrofiga koʻplab hosillar ulashadi.

Ulashing | Поделись этим: