Bolalar va o‘smirlarda sil kasalligi qanday uchraydi?

Hozirgi kunda tibbiyot sohasidagi zamonaviy yangiliklar jadal rivojlanishi jarayonida mamlakatimizning barcha hududlarida sil kasalligini aniqlash usullari tez va sifatli, tibbiy xizmatlar davlat tomonidan bepul yo‘lga qo‘yilganligi hamda kasallikni davolashda yangi tibbiy texnika va uslublardan foydalanilayotgani nafaqat bemor, balki ularning oila a’zolari, qarindosh-urug‘lari hamda atrofdagilar uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada sog‘liqni saqlash tizimiga amaliy yordam sifatida USAIDning sil kasalligiga qarshi kurashish bo‘yicha Project HOPE dasturi orqali Xorazm, Buxoro, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida targ‘ibot tadbirlari muntazam tashkil etilmoqda.

Kelajak avlod sog‘lig‘i – asosiy maqsad

Bunday amaliy loyihalarni amalga oshirishda hamda aholining kasallik haqidagi tibbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirishda biz jurnalistlardan ham faollik talab etiladi, albatta. Biz oldingi maqolalarimizda asosan katta yoshli insonlarda uchraydigan sil kasalligining turlari, tashhis, davo hamda uning oldini olishga qaratilgan vazifalar haqida so‘z yuritgan edik. Bugungi maqolamizda asosan bolalar va o‘smirlarda uchraydigan sil kasalligi va uni davosi haqida ma’lumot berishni lozim topdik. Ana shu maqsadda Xorazm viloyat silga qarshi kurash dispanserining bolalar bo‘limi mudirasi, ftiziopediatr-shifokor Zevarjon Jumanova bilan suhbatlashdik.

Ushbu kasallikning tasnifi va tashxisi haqida kengroq ma’lumot bersangiz

Tibbiyotda birlamchi sil degan tushuncha bor. Ya’ni inson organizmiga birinchi marta sil tayoqchasi tushishi natijasida rivojlangan jarayon bu birlamchi sil deb ataladi. Bu jarayonning rivojlanishi, makroorganizmning immunbiologik xususiyati, sil mikobakteriyasi soni va virulentlik xususiyati va ta’sirlash vaqti bilan aniqlanadi. Bola organizmidagi tug‘ma tabiiy chidamlilik bilan bog‘liq immun to‘siq natijasida sil mikobakteriyasi bilan zararlangan 90-95 foiz bolalarda sil kasalligi rivojlanmaydi. Bu jarayon yashirin kechadigan o‘ziga xos kichik o‘zgarishlar rivojlanishi bilan tugallanadi. Immunologik jihatdan kurashish darajasi past, BSJ bilan emlanmagan bola organizmida esa bu jarayon kasallik sifatida ro‘yobga chiqadi. Shuning uchun ham birlamchi sil belgilari, asosan, bolalar va o‘smirlar orasida topiladi. Sil bo‘yicha epidemiologik holatning turli davrlarida birlamchi silning har xil klinik ko‘rinishlari uchrashi mumkin.

Silga chalingan bemor bilan bir umr birga yashaganda ham bu kasallik yuqmaydi. Sababi…

Bola organizmiga tushgan sil mikobakteriyasi ko‘p va virulentlik xususiyati kuchli bo‘lsa, immunbiologik to‘siqlardan o‘tib, qon oqimi (batsillemiya) orqali retikulo-endotelial tizim a’zolariga joylashadi. Bu yashirin kechadigan davrda organizmda ro‘y bergan immunologik o‘zgarishlar natijasida, zararlangandan keyin 6-8 hafta ichida tuberkulinga sezgirlik kuzatiladi. Sil jarayonining keyingi rivojlanishiga bolaning tabiiy va sun’iy immunbiologik holati juda muhim ahamiyatga ega. Har xil sabablar tufayli, immunologik chidamlilik sust bo‘lgan, BSJ vaksinasi bilan emlanmagan yoki sifatsiz emlangan bolalarda birlamchi silning lokal turlari ro‘yobga chiqadi. Ko‘pincha, patologik jarayon limfa tugunlari, o‘pka, plevrada, ba’zan suyak bo‘g‘imlarda avj oladi. Ushbu jarayon spetsifik yallig‘lanishga xos belgi bo‘lib, sil granulemasi hosil bo‘lishi bilan ajralib turadi. Birlamchi sil endi boshlangan davrda o‘ziga xos klinik belgilar bo‘lmasligiga qaramay, tuberkulinga sezgirlik kuzatilsa «viraj» diagnozi qo‘yiladi. Bunday bolalar va o‘smirlar sil rivojlanadigan xavfli guruhga kiradi, shu tufayli, silga qarshi dispanser kuzatuvida kimyoprofilaktika o‘tkazish kerak bo‘ladi.

Bolalar va o‘smirlar organizmida qanday o‘zgarishlar seziladi?

Sildan zaharlanishning barcha belgilari bolalar va o‘smirlar organizmida turli a’zolar va tizimlarning faoliyati, o‘zgarishlar natijasida paydo bo‘ladi. Kasallik bolaning xulq-atvori o‘zgarishi, tajanglik, harakatchanligining susayishi, ishtahasi yo‘qolishi va tez charchab qolishi kabi belgilar bilan boshlanadi. Keyinchalik bolaning tana harorati ko‘tariladi va oza boshlaydi. Bu belgilar, boshqa bir necha xil kasalliklarda uchraganligi tufayli, bolalar har xil kasalliklardan davolanishadi. Silga aloqador bu belgilar, ko‘pincha, sil sinamasiga birlamchi musbat – «viraj» bilan ayni bir vaqtda sodir bo‘ladi. Kasallikka diagnoz qo‘yishda yuqorida ko‘rsatilgan belgilar qatorida, tashqi limfa tugunlarining ta’sirlanishi juda katta ahamiyatga egadir. Ya’ni bir necha (5-6) guruh limfa tugunlari kattalashadi. O‘zgargan limfa tugunlarini paypaslaganda yumshoqligi, ko‘p sonliligi bilan ajralib turadi (mikropoliadeniya). Kasallik uzoqqa cho‘zilganda limfa tugunlari qattiq yoki toshdek qo‘zg‘aluvchan bo‘ladi. Bu belgilaridan tashqari,niqobli belgilar ham uchrashi mumkin. Bu belgilar, sil infeksiyasiga nisbatan rivojlangan o‘ta sezgirlik natijasida ro‘yobga chiqqan paraspetsifik belgilar to‘plamidan iborat. Klinik manzarasiga ko‘ra, tez-tez qaytalab turadigan nafas yo‘llari yallig‘lanishi, teri eritemasi, keratokon’yuktivit bo‘lishi mumkin. Shu klinik belgilar, silga aloqador bo‘lmagan boshqa zaharlanishlarda uchrashini hisobga olib, diagnoz qo‘yishda bola anamneziga, sil bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligini, sil sinamasiga sezgirligi dinamikasi, BSJ emlash sifati, boshqa kasalliklar mavjudligini hisobga olish kerak. Bolani rentgen tekshiruvda, odatda, o‘pkaning ildiz oldi sohasi surati kuchayishi kuzatiladi. Qon tahlilida bir oz leykotsitoz, neytrofilez, EChT oshgan bo‘lishi mumkin. Diagnoz qo‘yishda surunkali tonzillit, xoletsistit, gelmentlarga bog‘liq zaharlanish alomatlaridan ajratish lozim.

Bolalarda uchraydigan ushbu kasallik kattalarniki bilan farq qiladimi?

Ha, albatta. Sil kasalligi bolalarda klinik kechishi bo‘yicha kattalarnikidan farq qiladi. Ular kasallikning boshlang‘ich davrida yo‘talmaydi, issig‘i chiqmaydi. Yosh organizmda bezlar sirli rivojlanadi. Bolalarda kasallik belgilari yaqqol bo‘lmaganligi sababli mazkur kasallikni aniqlash va davolash jarayoni murakkabroqdir. Dastavval bolalar xulq-atvorida o‘zgarishlar, tajanglik, kam harakatlanish, ishtaha yo‘qolish, tez charchab qolishi kuzatilib, keyinchalik tana haroratining biroz ko‘tarilishi, bolaning asta-sekin vazn yo‘qotish, limfa tugunlarining kattalashuvi kuzatiladi. Bu belgilar boshqa kasalliklarda ham uchraganligi tufayli, bolalar boshqa soha shifokorlarida uzoq davolanib yuradilar. Ushbu kasallikni oldini olishda ota-onalarga tavsiyalaringiz. Birinchi navbatda har bir ota-ona o‘zi va farzandini shifokor ko‘rigidan belgilangan vaqtda o‘tkazib turishni tavsiya qilaman. Shuningdek, jamiyatda ushbu kasallikni oldini olishda farzandlarimizni o‘z vaqtida emlash, ularni vitaminga boy oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilishga odatlantirish hamda tozalikka rioya qilish juda muhim ahamiyatga ega. Zero, salomatligimiz eng katta boyligimizdir. Uni asrashimiz va qadriga yetishimiz o‘z qo‘limizdadir.

Bugungi suhbatimizdan ma’lum bo‘ldiki, bolalar va o‘smirlarda uchraydigan sil kasalligi ham katta yoshli insonlarda uchraydigan ushbu kasallik kabi bola bilan birga yashab, uning hayoti, sog‘lig‘iga doimiy ravishda to‘siq bo‘la oladigan yuqumli kasalliklardan biri ekan. Shunday ekan, har birimiz nafaqat o‘z salomatligimiz uchun, balki sog‘lom turmush tarzi va jamiyat sog‘ligi yo‘lida o‘z vaqtida oilaviy tibbiy ko‘rikdan o‘tishimiz, shifokor nazoratida bo‘lishimiz va oilamiz, ayniqsa, kelajak avlod sog‘ligi uchun e’tiborli bo‘lishimiz lozim.

Suhbatdosh Dilrabo KURYAZOVA

Ulashing | Поделись этим: