Oʻquvchilar televizion darslarni intiqlik bilan kutmoqda

Bugungi sinovli kunlarda har sohaning fidoyilari oʻzlarining mehnati bilan xalq mehrini qozonmoqda. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining aniq va tez qabul qilgan chora-tadbirlari xalqning ortiqcha sarosimaga tushmaslikka va idrok bilan mushohada qilishga chorladi. Yurtdoshlarimiz hamjihatlikda koronovirus infeksiyasini jilovlashga harakat qilmoqda.

Taʼlim va tarbiyada hech qachon tanaffus boʻlmasligini mana shu jarayonda yana-da teranroq his etyapmiz. Xalq taʼlimi vazirligi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan onlayn darslar nafaqat oʻqituvchilarni, ota-onalarni ham quvontirdi.

Jumladan, fan olimpiada musobaqalarining zarur fanlardan onlayn tartibida oʻtkazilishi va gʻolib oʻquvchilarning ragʻbatlantirilishi ularning oʻz-oʻziga boʻlgan ishonchini yana-da mustahkamladi.

Avvaliga, maktabning sinf xonasida oʻqituvchining diqqat etiborida boʻlgan bolalarning dars mashgʻulotlarini telekanallar orqali koʻrishiga unchalik ham ishonmagan edik. Oʻquvchilar va ularning ota–onalari bilan olib borilayotgan onlayn soʻrovnomalar natijasi ularning befarq emasligini koʻrsatmoqda. Bugungi karantin davrida bolalar butun diqqat etiborini mazkur darslarga qaratyapti. Oʻquvchilar uchun efirga uzatiladigan televizion darslarni jadvali asosida kuzatib, darslik va oʻquv qurollari bilan televizor ekrani yonida shay turib, mashgʻulotni va vazifalarni mustaqil bajarib , “balli” , “ yaxshi” degan ragʻbatlar bilan mukofotlangan bola keyingi dars mashgʻuloti berilishini ishtiyoq bilan kutmoqda. Efir orqali dars mashgʻulotlarini berib borayotgan oʻqituvchining bolaga butun borligʻi bilan bilim berish mahorati shunday singib borganki, hatto oʻquvchisi bilan oʻrtalarida hech qanday masofa yoʻqday mohirlik bilan mashgʻulotlarni olib bormoqda. Maʼlum daqiqa vaqtda oʻquvchisining butun diqqat etiborini aniq maqsadga jamlay olish mahorati, albatta, oʻz kasbining sevuvchi va fidoyi ustozlarda mujassamlanadi.

Har bir sinflar uchun tashkil etilgan televizion darslar oʻziga xos, yangi texnologiyalar asosida tashkil etilayotgani tahsinga loyiq. Asosiysi, uyda oʻtirgan oʻquvchilarimiz efir vaqtini kutadigan boʻlib qolishdi. Shuningdek, ertangi mustaqil hayotda “Kim boʻlsam ekan?” – deb fikri tarqoq turgan yoshlar “Men oʻqituvchi boʻlaman”, “Men shifokor boʻlaman” , “Men vatan himoyachisi boʻlaman” kabi qatʼiyat bilan fikr bildirmoqda. Taʼlimdagi bu kabi yangi platforma farzandlarimizni har qanday vaziyatda bilimli qilib tarbiyalashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Dilbar Mamatbuvayeva,

Fargʻona shahridagi 3-oʻrta taʼlim maktabi direktori

Ulashing | Поделись этим: