Endilikda hayvonlarga shafqatsizlik qilganlar 15 sutkaga qamaladi

Shu vaqtgacha ko`cha-kuyda hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik qilganlar jazolanmas, egasiz kuchuk yoki mushuklarni urib yuborgan haydovchilar javobgarlikka tortilmas edi. Endilikda hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo`lganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilishi kutilmoqda. Shuningdek, o`simlik va hayvonot dunyosiga, atmosfera va suv resurslariga zarar etkazganlik uchun ham ma`muriy javobgarlik belgilanishi kutilmoqda

Deputatlar taklifiga ko`ra hayvonlarning o`limiga sabab bo`lgan shaxsga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining besh barobaridan o`n barobarigacha miqdorda jarima solish yoki o`n besh sutkagacha ma`muriy qamoqqa olish tarzidagi javobgarlik belgilanmoqda.

Ayni mavzu yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “O`zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi bo`yicha fraksiyalararo debat o`tkazilgan. Debatda qonun loyihasida hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo`lganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish, o`simlik va hayvonot dunyosiga, atmosfera va suv resurslariga zarar etkazganlik bilan bog`liq yangi huquqbuzarliklar turlarini va ular uchun javobgarlikni belgilash nazarda tutilgan.

Bundan tashqari shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari huzuridagi qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish jamoasi vakillari tomonidan hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik qilish qiynoqqa solish ko`pincha bolalar va keksa fuqarolarning ko`z o`ngida sodir etilmoqda.

Yuzaga kelgan vaziyatlardan kelib chiqib, Jinoyat kodeksi hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo`lganlik uchun, ya`ni bezorilik oqibatida yoki boshqa g`arazli niyatlarda ularning qiynoqqa solinishi yoxud ularga azob etkazilishi ularning o`limiga yoki mayib bo`lishiga olib kelsa, shunday harakatlar uchun ma`muriy jazo qo`llanilganidan keyin sodir etilgan bo`lsa, jinoiy javobgarlikni belgilovchi yangi 2021-modda bilan to`ldirilmoqda.

O`z navbatida, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 111-moddasiga tegishli o`zgartishlar kiritilib, birinchi qismida hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo`lganlik, ya`ni bezorilik oqibatida yoki boshqa g`arazli niyatlarda ularni qiynoqqa solganlik yoki azob etkazganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining uch barobaridan besh barobarigacha miqdorda jarima, ikkinchi qismida xuddi shunday huquqbuzarlik ma`muriy jazo chorasi qo`llanilganidan keyin bir yil davomida takror yoki voyaga etmagan shaxs hozirligida sodir etilganligi yoxud hayvonlarning o`limiga yoki mayib bo`lishiga olib kelganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh barobaridan o`n barobarigacha miqdorda jarima solish yoki o`n besh sutkagacha ma`muriy qamoqqa olish tarzidagi javobgarlik belgilanmoqda.

Ulashing | Поделись этим: