Farzandingizni koyishdan ko‘ra unga ko‘makchi bo‘ling

SSV Matbuot xizmati murojaatiga ko‘ra, tibbiyot fanlari doktori, professor Jumanazar BEKNAZAROV enurez xastaligining kelib chiqish sabablari haqida ota-onalarga tavsiyalar berdi.

— Enurez xastaligining kelib chiqish sabablari qanday?

Bola tug‘ilganidan keyin uning ichki a’zolari, nerv tizimi to‘liq shakllanib ulgurmagan holatlarda enurez 6-7 yoshgacha o‘tib ketishi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, albatta, shifokor bilan maslahatlashish, muammo sababi haqiqatan shundami yoki boshqa kasalliklar bilan bog‘liqligi bormi, shuni aniqlashtirish kerak. Aks holda kasallik tobora avj olib, jiddiy asoratlarga olib kelishi hech gap emas.

Peshob nayining qovuq bilan tutashgan joyi sigmentida maxsus mushaklar bo‘lib, ularning vazifasi qovuq to‘lganida peshob suyuqligining tashqariga chiqib ketmasligini ta’minlashdir.

Gohida enurezning sababi ana shu mushaklardagi norasolik ham bo‘lishi mumkin. Bunda bo‘shashib ketgan mushaklar kengayib, tonusini yo‘qotadi.

Enurezning davosi har bir bola uchun individual bo‘ladi. Muolajaning kechishi ham turli muddatlarga cho‘zilishi mumkin.

— Ota-onalar uchun qanday qo‘shimcha tavsiyalar bera olasiz?

— Farzandining tunda qiynalayotganini ko‘rgan ota-ona uni koyigandan ko‘ra unga ko‘maklashishi lozim. Bunda ularga quyidagi ko‘rsatmalar qo‘l keladi:

📌peshob ajralishini nazorat qilish uchun sezgi refleksini paydo qilish va uni muntazam saqlab qolish kerak. Bola soat nechada uxlashga yotganidan qat’iy nazar, hamisha bir vaqtda uyg‘onishga o‘rgatish lozim. Bola uyqusiramay, hushiga kelgachgina hojatga borishi mumkin. Ana shunda sergaklik paydo bo‘ladi;
📌 shifokor buyurgan preparatlarni aytilgan muddatida va belgilangan soatda ichirish shart;
📌 kun tartibini to‘g‘ri taqsimlash darkor. Bola vaqtida o‘ynashi, televizor tomosha qilishi va dam olishi zarur;
📌 uyqu oldidan suyuqlik ichirish tavsiya etilmaydi.

Ayniqsa, gazli ichimliklar butkul taqiqlanadi.
Bolakay shunda ham o‘rnini ho‘llab qo‘yayotgan bo‘lsa, o‘zbilarmonlik bilan turli muolajalar qilish man etiladi. Ayniqsa, eritilgan dumba yog‘ini surtib, belni o‘rab qo‘yish mumkin emas.

Yog‘ surtish muolajasi faqat 2 soatgagina bajarilib, undan so‘ng o‘sha soha spirt eritmasi bilan artilishi kerak. Yo‘qsa, teri kataklari berkilib, nafas ololmaydi. Qolaversa, muammo sababi ma’lum bo‘lmaganida, bola organizmida o‘solmay turgan shishlar bo‘lsa, issiqlik ta’sirida faollashishi mumkin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

Ulashing | Поделись этим: