O‘zbekistonlik 4-sinf o‘quvchilari ilk bor PIRLS xalqaro baholash dasturida qatnashadi

PIRLS tadqiqotlarida 2021 yil O‘zbekistondagi 180 ta maktabda tahsil oluvchi 4-sinf o‘quvchilari ishtirok etishi ko‘zda tutilmoqda. PISA tadqiqotining tajriba-sinov jarayonida 15 yoshli o‘quvchilarning qatnashishi belgilangan. O‘quvchilar savodxonligini baholash bo‘yicha PIRLS xalqaro tadqiqoti qanday o‘tkaziladi? PISA xalqaro tadqiqoti-chi, qaysi fanlar bo‘yicha o‘quvchi savodxonligi baholanadi, kabi savollarga quyida javob olishingiz mumkin.

PIRLS xalqaro baholash dasturida 60 dan ortiq davlatlar qatorida ilk bor O‘zbekiston o‘quvchilari ham qatnashadi.«PIRLS bo‘yicha Ta’lim sohasidagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA) hamda PISA bo‘yicha Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) bilan hamkorlikda respublikamizdan tadqiqotlarda ishtirok etuvchi maktablar va o‘quvchilar tasodifiylik tamoyillari asosida tanlab olindi.Joriy yilning aprel oyida bo‘lib o‘tadigan PIRLS tadqiqotlarida O‘zbekistondagi 180 ta maktabda tahsil oluvchi 5 948 nafar 4-sinf o‘quvchilari hamda ularning ota-onalari, maktab direktorlari va sinf rahbarlari ishtirok etishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, PISA tadqiqotining tajriba-sinov jarayonida 15 yoshli o‘quvchilarning qatnashishi belgilangan», deydi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Odil Qo‘ysinov.
O‘quvchilar savodxonligini baholash bo‘yicha PIRLS xalqaro tadqiqoti qanday o‘tkaziladi?

Hozirda inspeksiya huzuridagi Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish Milliy markazi tomonidan o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillarida o‘tkaziladigan jarayonlar uchun barcha tadqiqot materiallari: baholash daftarlari va so‘rovnomalar tegishli tillarga moslashtirilgan holda tarjima qilinib, xalqaro sertifikatsiyadan o‘tkazilgan.

PIRLS asosiy tadqiqoti qog‘oz shaklida o‘tkaziladi va unda 4-sinf o‘quvchilari matnni o‘qib tushunish darajalarini baholovchi test topshiriqlarini bajarishadi hamda ta’limga qiziqishlari, uy va maktab sharoitlari to‘g‘risidagi shaxsiy fikrlarini namoyon etuvchi o‘quvchi so‘rovnomasini to‘ldirishadi.

Shuningdek, ishtirokchi maktablar rahbarlari va tanlangan sinf rahbarlari ta’lim muassasasidagi ta’lim muhitini o‘rganuvchi maktab va o‘qituvchi so‘rovnomasini, o‘quvchilarning ota-onalari yoki vasiylari esa farzandlarining ta’lim olish sharoitlarini o‘rganuvchi uy so‘rovnomasini to‘ldirishadi.

PISA xalqaro tadqiqoti-chi, qaysi fanlar bo‘yicha o‘quvchi savodxonligi baholanadi?

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) tomonidan tashkil etiladigan PISA xalqaro tadqiqot dasturi umumiy o‘rta ta’lim tizimiga oid tahliliy va qiyosiy ma’lumotlarni, shuningdek, mamlakatlar ta’lim siyosatiga oid qarorlarni qabul qilishda muhim ma’lumotlarni taqdim etadi. 2000 yildan buyon har 3 yilda o‘tkazib kelinayotgan PISA tadqiqoti 15 yoshli o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy fanlar yo‘nalishlari bo‘yicha savodxonligini baholaydi.

2018 yilgi tadqiqotlarda 79 ta davlatdan 600 ming o‘quvchi ishtirok etgan bo‘lib, reyting bo‘yicha eng yuqori o‘rinlarni Xitoy va Singapur egallagan bo‘lsa, Kosovo, Dominikan Respublikasi va Filippin mamlakatlari oxirgi qatorlardan joy olgan. Mazkur tadqiqotda OECD’ga a’zo mamlakatlarning o‘qish savodxonligi bo‘yicha eng yaxshi natijalarni Finlyandiya, Kanada, Estoniya va Irlandiya mamlakatlari o‘quvchilari qayd etishgan.

PISA tadqiqotining tajriba-sinov jarayoni kompyuterda elektron tarzda o‘tkaziladi va unda o‘quvchilar matematik, tabiiy-ilmiy, o‘qish savodxonligi va kreativ fikrlashlarini baholovchi test topshiriqlari bajarishadi hamda yuqorida ta’kidlanganidek o‘quvchi so‘rovnomasini shuningdek, tanlangan maktab rahbarlari maktab so‘rovnomasini to‘ldirishadi.

Ulashing | Поделись этим: