Poliomielit O‘zbekistonga ham xavf solishi mumkinmi?

Qo‘shni mamlakatda tarqalayotgan o‘tkir yuqumli virus O‘zbekistonga ham kirib kelishi mumkinmi? Mamlakatimizda buning oldini olish uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda? SSV Matbuot xizmatining shu kabi savollariga vazirlik huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bo‘lim mudiri Dilorom TURSUNOVA javob berdi.

— Poliomielitga qarshi vaksina qilish O‘zbekistonda qachon boshlangan? Emlash tartibi qanday?

— Mamlakatimizda milliy emlash kalendariga 13 turdagi yuqumli kasalliklarga qarshi vaksinalar kiritilgan bo‘lib, poliomielit ham shulardan biri hisoblanadi.

Ayni paytda yurtimizda poliomielitga qarshi aralash immunizasiya, ya’ni tomchi orqali hamda in’eksion usulda amalga oshiriladi. Vaksina besh marta: bolalarning 2, 3, 4, 16 oyligida va yetti yoshida qo‘llaniladi. Bolalar 4 oyligida ham tomchi orqali, ham in’eksion tarzda emlanadi.

Poliomielitga qarshi aholi vakillari 5 marta emlanishi hamda vaksinasiyada aralash usuldan foydalanishilishi xavfsizlikni yanada oshiradi.

— Poliomielit kasalligi bizga kirib kelmasligi uchun qanday ehtiyot choralari ko‘rilayapti?

— O‘zbekistonda bu kasallik tarqalishini oldini olish uchun doimiy ravishda monitoring olib boriladi. Shuningdek, qo‘shni davlat bilan chegara hududlardan kirib kelayotgan fuqarolarda poliomielit kasalligi alomatlari borligini aniqlash chora-tadbirlari to‘liq ko‘rilgan.

Ayni paytda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga mutasaddilarimiz tomonidan O‘zbekistondagi barqaror vaziyatni monitoring qilish hamda poliomielit kasalligini oldini olishda hamkorlikda amaliy ishlar olib borish bo‘yicha taklif kiritildi.

Shuningdek, poliomielit kasalligi bilan simptomlari bir xil bo‘lgan o‘tkir bo‘shashgan shol kasalligiga chalingan bemorlar qayta laborator tahlillardan o‘tkazilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

Ulashing | Поделись этим: