Saida Mirziyoyeva: «Tashakkur sizga, Behzod»

Nihoyatda iste’dodli, hatto «genial» deyishga munosib insonlarni ko‘rganimda, ko‘nglimni ajoyib hissiyotlar qamrab oladi.

Shubhasiz, daho bo‘lib tug‘ilish kerak. Ammo tug‘ma iste’dodni ham bu qadar professional darajaga chiqarish uchun yillab, o‘nlab yillab tinimsiz mehnat zarur. Mahoratning cho‘qqisi bu.

Kecha biz Toshkentdagi konsertida bo‘lgan pianist vatandoshimiz Behzod Abduraimov ana shunday insonlardan.
Sal oldinroq u ota-onasini ziyorat qilish uchun yaqinda O‘zbekistonga uchib kelayotgani va shu orada Toshkentda ilk yakkaxon konsertini mutlaqo bepul, xayriya maqsadida o‘tkazmoqchi ekanini bildirib, bizga murojaat qildi.
Tabiiyki, men bu g‘oyani jon deb qo‘llab-quvvatladim va o‘zim ham konsertdan haqiqiy zavq oldim.

Shunday noyob iqtidor egalari yurtimiz farzandi ekanligi juda quvonarli hol. Ularning soni ko‘payaversin.
Yorqin taassurotlar, tanlagan yo‘lingizning fidoyisi ekaningiz va vatanparvarlik uchun tashakkur sizga, Behzod.

Ulashing | Поделись этим: