“Bahorgi taʼtilda sport hamrohimiz boʻldi”

Bahorgi taʼtil kunlari Fargʻona shahrida sportning futbol turi boʻyicha 2006-2007 hamda 2008-2009-yillarda tugʻilgan oʻsmirlar oʻrtasida “Navroʻz kubogi” uchun Respublika ochiq turnirining final bahslari boʻlib oʻtdi.

Futbol musobaqasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-dekabrdagi “Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda 2020-yil 30-oktyabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonlari ijrosini taʼminlash, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning ikkinchi yoʻnalishi — yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga yoʻnaltirilgan ishlarni keng targʻib etish, oʻquvchi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni sportga keng jalb etish, bahorgi taʼtil vaqtlarini mazmunli oʻtkazish maqsadida tashkil etildi.

Musobaqalar Fargʻona shahridagi 1-sonli bolalar va oʻsmirlar sport maktabi hamda viloyat futbol assotsiatsiyasi qoshidagi “Futbol markazi” maydonlarida tashkil etildi. “Navroʻz kubogi” musobaqalarining 2006-2007-yillarda tugʻilgan yosh futbolchilar oʻrtasidagi bahslarida ishtirok etgan 12 jamoa (216 nafar sportchi) orasida yakuniy natijalarga koʻra, mezbonlarning “Ipakchi” jamoasi birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. 2-oʻrinni Quva tumani yosh futbolchilari, 3-oʻrinlarni Oltiariq va Chust tumanlari jamoalari egalladi.

2008-2009-yillarda tugʻilgan sportchi yoshlar oʻrtasidagi musobaqalarda jami 16 ta jamoa (288 nafar sportchi) qatnashdi va yakunda Toshkent shahrining “Sparta” hamda Namanganning “Navbahor” jamoalari 3-oʻrinni qoʻlga kiritgan boʻlsa, Qoʻqon shahrining “JFL” jamoasi 2-oʻrin, Fargʻonaning “Neftchi” futbol maktabi yoshlari 1-oʻringa loyiq deb topildi.

– Yoshlarning taʼtildagi boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish maqsadida ushbu futbol musobaqasining tashkil etilgani ayni muddao boʻldi, — deydi “Sparta” jamoasi murabbiysi Sirojiddin Mirahmatov. — Yurtimizda futbolga qiziqadigan yoshlar talaygina. Ularni tarbiyalab, katta futbolga yoʻnaltirishda jismoniy mashgʻulotlar, turnirlarning ahamiyati katta. “Navroʻz kubogi” musobaqasida qatnashib yosh futbolchilarimizning tajriba va mahorati oshdi.

Musobaqa yakunida ishtirokchi jamoa va gʻoliblarni taqdirlash marosimi oʻtkazildi. Taqdirlash marosimida Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi bolalar futboli va ommaviy futbolni rivojlantirish boʻlimi boshligʻi Maʼmur Saidqosimov, Fargʻona viloyati futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Nosir Otaqoʻziyev ishtirok etib, futbolimiz kelajagi boʻlgan yosh sportchilarga omad tiladi va gʻoliblarga diplom, medal va esdalik sovgʻalari topshirdi.

Ulashing | Поделись этим: