Uyda qoling, kitob oʻqing!

Ayni kunda butun dunyo ahli tahlikali vaziyat, ogʻir va sinovli kunlarni boshidan kechirmoqda.

Bunga barchamiz jiddiy holat sifatida qarashimiz va koronavirusni daf qilishda bir tanu jon boʻlib, birgalikda harakat qilishimiz davr taqozosidir.

Dunyo mutaxassislari tomonidan tavsiya etilayotgan, talab etilayotgan tartib va qoidalarga har bir Oʻzbekiston fuqarosining amal qilishini taʼminlashda biz har birimiz masʼulmiz. Boshga sinov tushganda kimning kimligi, qanday inson ekanligi bilinadi. Xalqimiz azaldan bir mayizni qirq boʻlib yegan. Demak biz hammamiz bir yoqadan bosh chiqarib vatanimiz tinchligi, yurtimiz obodligi va xalqimiz farovonligi yoʻlida bir tanu bir jon boʻlib yashashga tayyormiz!

Toshkent shahar “Bilim” axborot kutubxona markazi tomonidan ham aholimiz va ayniqsa yoshlarimizning uyda qolishi, boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish maqsadida maxsus ishlab chiqilgan chora tadbirlar asosida faoliyat olib bormoqdalar. Jumladan, “Bilim jonli ensiklopediya“ nomli aksiya eʼlon qilindi va oʻz faoliyatini boshladi.

Karantin davrini xavfsiz oʻtishini taʼminlash uchun insonlarni koʻchaga chiqmasdan uyda qolib, vaqtlarini oila davrasida foydali mashgʻulotlar bilan band qilishga eʼtibor qaratilmoqdi.

Loyihaga koʻra, oʻziga xos video tayyorlash tavsiya etiladi. Bizga yuboriladigan videoda karantin tufayli ishga bormay, uyida farzandlari bilan oʻtirgan ota-onalar yoki erta taʼtilga chiqqan oʻquvchi, bolalar uydagi istalgan buyum, jihoz haqida qiziqarli maʼlumot berishlari kerak.

Videolar karantin tugagunga qadar qabul qilinadi. “Bilim jonli ensiklopediya“ aksiyasi sharti quyidagicha:

1. Uyingizda mavjud boʻlgan istalgan jihoz, buyum (ushbu buyumning kelib chiqish tarixi va turlari) haqida qiziqarli maʼlumot berayotganingizni videoga oling.

2. Videoni — “BILIM” aksiya| Uyda qoling! kanali profilidagi “Savol va takliflar uchun“ (@bilim_aksiya_bot) botiga yuboring.

3. Mazkur buyum haqida maʼlumot berayotgan boʻlsangiz ushbu jihoz yoningizda boʻlishi kerak.

4. Video “Bilim jonli ensiklopediyasi uchun“ deb boshlanishi kerak.

Barcha videoroliklar “BILIM” aksiya| Uyda qoling! kanalida havola qilinadi. Karantin tugagandan soʻng mazkur videoroliklar jamlanib yagona “Bilim jonli ensiklopediya“ nomli video kitob yaratiladi.

Ayni kunda aksiyamiz ishtirokchilari 850 nafardan ortdi.

Hafiza KARIMOVA,

Toshkent shahar “Bilim”

axborot-kutubxona markazi

direktori

Ulashing | Поделись этим: