VAFODOR BURGUT - Dono.uz

Hikoya qilishlariga qaraganda, juda qadim zamonlarda bir podshoning sevimli burguti bo‘lgan ekan. O‘sha burgutini podsho doim ovga olib yurarkan.

Bir kuni podsho burgutini qo‘liga qo‘ndirib ovga jo‘nabdi. Bunday qarasa, bir bug‘u chopib ketayotgan ekan. Podsho otiga qamchi urib bug‘uning ketidan quvibdi va juda uzoqlab ketibdi, ammo unga yetolmay, ancha olisda qolib ketibdi.

Bu vaqt ichida podsho bug‘uni quvib, ko‘zdan qochiribdi. O‘zi esa juda chanqabdi. U anchagacha tog‘da aylanib yurib buloq qidiribdi. Oxiri bir qoyaning etagiga borib qarasa, cho‘qqisidan suv tomchilab turganmish.

Podsho xurjunidan piyolasini olib, tomchiga tutib turibdi. Nihoyat  piyola to‘libdi, podsho uni endi og‘ziga olib borgan ekan, birdan burgut qanoti  bilan  urib  yuboribdi va suv to‘kilib ketibdi.

Podsho burgutning qilgan ishiga g‘ijinib piyolasini yana suvga tutibdi. Saldan keyin piyola to‘libdi, podsho uni endi labiga tekkizgan ekan, burgut yana urib suvni to‘kib yuboribdi. Podsho darg‘azab bo‘lib burgutni yerga ko‘tarib uribdi, burgut o‘sha zahoti o‘libdi.

Xuddi shu onda bir otboqar ot choptirib kelib qolibdi, podsho unga chanqaganini aytibdi. Otboqar piyolaga belidagi suv to‘la meshidan suv quyib tutgan ekan, u:

–Mening anavi qoyadan tomib turgan muzdek suvdan ichgim kelyapti. Qoyaning ustiga chiqib u yerdagi buloqdan suv olib tush. Tomchiga piyola tutishga sabrim yetmayapti! –debdi.

Otboqar tog‘ning ustiga chiqib buloq tepasiga boribdi, u yerda, jarning labida bir ilon o‘lib yotganini ko‘ribdi. Ilonning og‘zidan oqib turgan zahar suvga qo‘shilib, qoya ustidan chak-chak tomayotgan ekan.

Otboqar cho‘chib, yugurgancha pastga tushibdi va voqeani podshoga so‘zlab beribdi.So‘ngra meshidan piyolaga suv quyib, podshoga tutibdi.

Podsho piyoladagi suvni icha olmay yig‘lab yuboribdi. Otboqarga o‘lib yotgan burgutini ko‘rsatib o‘zining shoshma-shosharligiga la’natlar o‘qibdi. Keyin umr bo‘yi bu voqeani unutmabdi.

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi.

Free WordPress Themes