Amir Temur bolaligidanoq “shoh” boʻlganmi?

Oʻrta asrlarning yirik davlat arbobi, buyuk sarkarda Amir Temurning bolalik va yoshlik yillari haqida manbalarda deyarli maʼlumotlar uchramaydi.

Shunday boʻlsa-da, markazlashgan davlat asoschisi, ilm-fan va madaniyat homiysi boʻlgan Sohibqironning nasabi, yoshlik va balogʻat yillari haqidagi ushbu ayrim qiziqarli qaydlar Sizni befarq qoldirmaydi.

SOHIBQIRONNING BOBOSI “SHARIAT TOJI” TAXALLUSI BILAN TANILGAN

Mohir sarkarda Amir Temurning barlos urugʻi harbiy boshliqlari – beklaridan boʻlgan otasi Taragʻay ham, ota tomondan bobosi Amir Barqul ham harbiy ishga qiziqmagan. Manbalarda qayd etilishicha, otasi Taragʻaybek taqvodor musulmon boʻlib, koʻp vaqtini darveshlar bilan birga oʻtkazgan.

Taragʻaybekning nafaqat Movarounnahrda, balki Moʻgʻulistonda ham mashhur amirlardan doʻstlari koʻp boʻlib, bu hol keyinchalik Amir Temurga qoʻl kelgan.

Amir Temurning onasi Takina xotun mushtipar ayol edi. Takina begim nasl-u nasab jihatdan aslzodalar jumlasiga kirardi. U buxorolik faqih, “Toj ash-sharia” (“Shariat toji”) taxallusi bilan mashhur boʻlgan Ubaydulla ibn Masʼudning avlodi edi. Adabiyotlarda taʼkidlanishicha, Temurbek 22 yoshida onasidan, 24 yoshida otasidan yetim qolgan.

OʻN IKKI YОSHIDA ERMAK OʻYINLARDAN VOZ KECHGAN

Uning bolalik chogʻlari ota-onasi bagʻrida, ona yurti Keshda kechgan. Amir Taragʻay oʻgʻlini bolaligidan aslzodalarga yarasha oʻqitgan va har taraflama bilim bergan. Temurbek 7 yoshga toʻlganida otasi uni madrasaga oʻqishga olib borgan. U yerda Temurbekka soʻzlar jadvalini beradi va Temurbek oʻqiy boshlaydi. Bundan shu narsa ayon boʻladiki, Amir Temur dastlab oʻz uyida oʻqishni oʻrgangan, soʻngra esa madrasaga qatnagan.

Tarixchi Sharafuddin Ali Yazdiy Temurbekning bolalik chogʻlari haqida yozib, uning xush koʻrgan oʻyinlari haqida maʼlumot beradi. Unga koʻra, yosh Temur atrofdagi bolalar bilan doimo “shohlik” oʻyinini oʻynashni xush koʻrgan. Temurbek oʻyinda doimo “shoh” boʻlgan, atrofdagilar esa unga “amir”, “vazir” boʻlishgan.

Keyinchalik uning qiziqishlari orta bordi. Temurbek oʻn ikki yoshidan boshlab bolalarga xos boʻlgan ermak oʻyinlardan voz kechdi.

OV QILISH UNING SEVIMLI MASHGʻULOTIGA AYLANGAN

U tezda oʻq otish, otlanib chopishni yoqtiradi va urush oʻyinlariga mayl koʻrsatadi. Temurbek ovga shu qadar bogʻlanib qoladiki, hatto kecha-yu kunduzlarni ovda oʻtkazishi mumkin edi. U oʻspirinlik va yoshlik yillaridagi bu harbiy sport oʻyini va mashgʻulotlari bilan otasi Taragʻaybekka xizmat qilgan maxsus murabbiylar yordamida shugʻullangan. Biroq ularning nomi tarix sahifalarida saqlanib qolmagan.

Temurbek ogʻir vaziyatda ham toʻgʻri yechimni osonlik bilan topardi. Shu sababli ham bolalikdagi doʻstlari, maktabdosh oʻrtoqlari uning atrofida toʻplanib, birgalikda mashq qilishar va musobaqalarda ishtirok etardilar. Ular oʻz badanlari va ruhlarini Temurbek bilan birga chiniqtirar edilar. Asta-sekin navkarga aylangan bu yoshlar harbiy guruhni shakllantirdilar.

OʻSPIRINNING OLGAN DUOSI

Sohibqironning otasi Taragʻaybek oʻz piri, tasavvuf shayxi Shamsuddin Kulolni chuqur hurmat qilgan. Keyinchalik shayx Shamsuddin Kulol Amir Temurning birinchi piri boʻlgan. Manbalarda Temurbekning ushbu piri bilan ilk uchrashuvi haqida maʼlumotlar mavjud.

Unga koʻra, taxminan 14–20 yoshlar orasidagi oʻspirin Temurbek juldur choponda shayx huzuriga keladi. Bu paytda keksa shayx oʻz atrofidagi darveshlar bilan zikr tushayotgan, yaʼni tasavvufda Xudoni yodga olish bilan bogʻliq “samo” marosimini ijro etayotgan edi.

Bunga guvoh boʻlgan Temurbek zikr tugashini sabr bilan kutadi. Nihoyat, zikr tugab, shayx uning yoniga kelganida, Temur tiz choʻkib, peshonasini uning oyogʻiga qoʻyadi va shayxning qoʻlini oʻpadi. Shunda shayx Shamsuddin Kulol darveshlar bilan birga Amir Temur haqqiga duo qiladi. Keyinchalik Temur bu duoni oʻz muvaffaqiyatlarining sababchisi deb bilgan.

AMIR TEMUR ICHKILIK ICHMAGAN

Manbalarda qayd etilishicha, Amir Temurning feʼl-atvori bosiq boʻlgan. Jizzakilik, gap koʻtara olmaslik unga xos boʻlmagan. Feʼl-atvoridagi shu xususiyatlar sabab atrofidagilarni oʻziga jalb qilgan. Uning ichkilikka mayli yoʻqligi uchun fikr-mulohazalari teran va idrokli edi.

Buni tarixchi Sharafuddin Ali Yazdiy oʻzining “Zafarnoma” asarida: “Va podshohi komkor ogʻzini chogʻir (ichkilik) sori eltmadi va bir dami toat-u ibodat fikridin oʻzga ish fikrida kechmadi. Va muttasil ishi Qurʼon oʻqumoq va faqiru miskinning gʻamini yemak erdi”, deb qayd etgan.

Ulashing | Поделись этим: