Oʻzbekistonga sogʻlom kerak ekanligingizni unutmang!

Mulohaza

UYDA QOLING!

Farzandlar quchogʻida, oila davrasida yana bir kun boshlandi. Muborak boʻlsin! Dasturxon tuzab, bir pasdan soʻng oʻgʻil-qizlarni yoningizga olib nonushta qilish istagidasiz. Chaqqon unnashingizdan bilyapmanki, ulgurish kerak.

Soat 8.30 da uyimizdagi maktab ishini boshlaydi. Qaysi sinfning darslari qachon ekanini ota-onalar yod bilib oldi. Toʻgʻrisi, bogʻcha, maktab ishidan-da masʼuliyatli va muhimi maroqli yumushning oʻzi yoʻq. Zalvorini-ku aytib oʻtirmayman. Mashhur latviyalik shoir Raynis aytganidek: avvaliga biz bolalarimizga oʻrgatamiz, soʻngra oʻzimiz ulardan oʻrganamiz. Kimki buni xohlamas ekan, oʻz davridan orqada qoladi. Ha, deyarli bir necha haftadirki, buni yanayam anglamoqdamiz. Shu paytga qadar, “Ona, mana bu savolni javobiga yordam bering?”, degan murojaatga “Ana ustozingga telefon qil, aytadi”, derdik sovuqqonlik bilan. “Dada, matematikadan misol ishlashim kerak?”, ilinj bilan boqqan qizimizga: “Matematika? Ana telefonda kalkulyator bor-ku, shuniyam bilmaysanmi?”, deya javob berganmiz. Mukkasidan ketganlar uchun vaqt oʻgʻrisi, munosabatlar kushandasi boʻlgan telefonga bogʻlanishning oqibatlari emasmidi, bu?

Bugun esa… Uyimiz balki oʻzi tordir, ammo darslarning ovozi, oʻqituvchilar bilan onlayn qilinayotgan muloqotlar xonadonlarni katta, keng qilayotgani rost. Oila, taʼlim maskani hamkorligi naqadar natijador ekani tobora ayon boʻlmoqda. Uyda oʻtirib ota-onasi bilan birgalikda ijod qilayotgan oʻgʻil-qizlarning ishini, mehnati namunalarini kuzatib shunday xulosaga kelmoqdamiz. Ular orasida onlayn-tanlovlarda ishtirok etib, sovrindor boʻlganlari ham bor. Farzand telefonning imkoniyatlarini bilmoqda. Onlayn-olimpiada, onlayn-tanlovda ishtirok etish uchun qulay vosita ekanini koʻryapti.

Qizim, bu tashvish sinamoqda har birimizni. Muhimi, ishlar toʻxtab qolgani yoʻq, davom etmoqda. Onlayn-toʻlovlar, xaridlar, onlayn-muloqot, onlayn-saboqlar, endi rahbarlar ham aholini onlayn qabul qilmoqda. Prezidentimiz Oliy Majlisga murojaatnomasida raqamli iqtisodiyotga oʻtamiz, bu – davr talabi degan edilar. Zamin bor ekan-da. Bugun qancha mablagʻ, qancha sarf-xarajat evaziga bu ishlar mana shu tashvishli kunlarda tezkorlik bilan amalga oshirilmoqda. Osonmas, ammo qilib berilyapti, bu – nimadan, davlatning qudrati, salohiyatidan – deydilar dadam, mehnat faxriysi Arslon Aminov telefon orqali suhbatda. – Men televizordagi darslarni kuzatyapman. Oʻqituvchilarning madaniyatiga, ularning vaqtdan unumli foydalanib saboq berayotganiga, buning uchun yaratilgan shart-sharoitga qoyil qolib oʻtiraman-da. 30-martdan 3-aprelga qadar 400 ta dars efirga uzatilibdi, yana uch tilda. Kuniga 100 ta dars degani, bu. Davlat boʻlib, millat boʻlib shakllanganimiz shu paytlarda koʻrinadi. Axir shu televizorda tinmay konsertmi, kinomi qoʻyib qoʻysa ham, boʻlaverardiku, toʻldirish uchun. Qaragin-da, hukumat bor imkoniyatni ishga solmoqda. Maktab, bogʻcha darslari berilyapti. Endi gʻamxoʻrlik, erta uchun qaygʻurish bu… Tashvishli damlarda doim bir-biriga yelkadosh boʻlgan, yengib kelgan xalqmiz. Bunga tarix guvoh. Xavotirlanma, hammasi ortda qoladi, nasib…

Karantin bois bir necha haftadirki, suhbat telefonda kechadi. Gapimiz tugar tugamas, koʻngil bir muhtojlik sezadi. Diydorga yetmaydi-da, shuning uchun yana dilni yoritadigan hikmat qidirasan, mana u…

“Dars va tarbiya orasida biroz farq bor boʻlsa ham, ikkisi bir-biridan ayrilmaydigan, birining vujudi biriga boylangan jon ila tan kabidir”. Tarbiyaning hikmatxonasi boʻlgan Abdulla Avloniy ijodidan bu kabi purmaʼno soʻzlarni koʻplab keltirish mumkin.

“Oʻquvchilarimni sogʻindim, judayam sogʻindim. Ularning egri-bugri yozgan harflarini toʻgʻrilayotganimda begʻuborlik bilan qarab turganlarini, oʻrganishga boʻlgan ishtiyoqini koʻz oldimga keltirsam bormi? Muqaddas degan soʻz doimo maktab bilan birga aytiladi, boisini tushungandek boʻlyapman. Buni vujudi, butun borligʻi bilan oʻqituvchi boʻlgan kasb xodimlari biladi, opa”, – deydi Qarshi shahridagi 11-umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻqituvchisi Mohidil Meyliyeva. – Boʻr bilan doskaga yozish, jajji qoʻlchalardan ushlab oʻrgatish… buni hech narsa bilan tenglab boʻlmaydi-da. Tezroq oʻtsin, bu kunlar. Yana maktablarimiz oʻquvchilar ovoziga toʻlsin.

Oziq-ovqat doʻkoni yonidagi “Kitoblar” boʻlimi ishlab turibdi. Kuzatdim, oʻrta yoshdagi uch kishi navbati bilan kitoblar xarid qilishdi. Qorin tashvishidan ortib kitobga murojaat etishning ortida yaxshilik bor. Xonadonga ziyo olib borish niyati mujassam. Karantindagi zerikishga mutolaa goʻzal yechim ekanini anglaganlarning soni ortmoqda. Aytishadi-ku, boshga tashvish tushganda doʻst yoningda turadi, deb. Toʻgʻri yoʻlni koʻrsatib, sodiq doʻst boʻlib kitob tursa, zulmat yorishadi, tashvishlar ariydi. Muhimi tafakkur boyiydi, bu esa saboq boʻlib, farzandga, nevaraga oʻtadi.

Mamlakatda sinovli kunlar kechayotgan bir damda kundalik yumushi, chora-tadbir-u, xayr saxovat amali bilan hissa qoʻshayotgan, tashabbuskor boʻlayotgan oʻtyuraklilar oldida bir hisni tuyasan. Birodarlik! U tanishmi, notanishmi, doʻstmi, dushmanmi – tani-joni sogʻ boʻlishi, virus yuqtirmasligi uchun dildan kuyinadi. Bu baloni yengish va ishda ham, mehnatda ham, tajriba-yu fazilatda ham oʻrnak boʻlish xohishi boʻy-basti bilan oʻzini koʻrsatadi. Karantin hududidan qochib ketib, oʻzi emas bolasiniyam salomatligini xavfga qoʻygan er-u xotin yoki olib kelingan oziq ovqatni “men buni bolalarimga yedirmayman”, deb nopisand boʻlayotgan ayolgina haqida oʻqib millatga baho bermang. Boʻladi, unaqalar ham uchrab turadi, besh barmoq barobar emas-ku. Xayr saxovat ishlariga baholi qudrat hissa qoʻshib, ismini oshkor etmayotgan, kimnidir mushkulini oson, yukini yengil qilayotgan savobtalablar uchun hamisha qoʻlim koʻksimda.

Tahlikali kunlarni bahamjihat yengish uchun bir oila egasi boʻlgan ota-onadan qanchalik masʼuliyat talab etilayotganini his etyapmiz. Endi katta oila – Oʻzbekiston uchun tinmay jon kuydirayotgan, fuqarolarning sogʻligi, xavfsizligi, tinchligini saqlash, oʻzga yurtda darbadar boʻlmasligi yoʻlida qaygʻurayotganlarga qanchalik mushkul ekanini bilyapsizmi? Axir bu kabi sinovli kunlardan xalqimizni eson-omon, betalofat olib chiqishni oʻylash, shuni orasida iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy hamda ijtimoiy masalalarni ortda qoldirmay barobar olib borishning yuki oson emas. Mana shu ishga hissa qoʻshish uchun– tibbiyot xodimlarining koʻrsatmalariga amal qilish, huda-behuda koʻchaga chiqmaslik, uyda farzandlar taʼlim-tarbiyasiga yana-da eʼtiborli boʻlish vazifasi ilgari surilmoqda, xolos. Bu aslo qiyin emas. Qay tomonga boqsangiz bugun shu yozuvga, daʼvatga koʻzingiz tushmoqda: “#Uyda qoling!”

Albatta, uyda qoling! Siz Oʻzbekistonga sogʻlom kerak ekanligingizni unutmang.

Ulashing | Поделись этим: