Ta’limning fidoiylariga minnatdorchilik xati

Muhtaram Prezidentimizning koronavirus pandemiyasi davrida yoshlarga qarata qilgan murojaatlarida “Aziz farzandlarim, uyda vaqtingizni bekor o‘tkazmang! Onlayn darslarni qunt bilan o‘zlashtiring. Kitob o‘qing, bilimingizni oshiring, badantarbiya va jismoniy mashqlarni bir kun ham qoldirmang”, deya barcha yoshlarni ta’lim bilan hamnafas bo‘lishga chorladilar.

Shu o‘rinda sizga bir holatni gapirib bermoqchiman. 2-3 kun oldin o‘g‘limning sinf rahbari menga qo‘ng‘iroq qildi. «Opa, farzandingiz ONLAYN-MAKTABdagi darslarni ko‘rdimi?», deb gapni boshladi. Albatta, ustoz, biz birga ko‘rdik, deb javob berdim. Shunda sinf rahbari «4 ta fan bo‘yicha uyga vazifa nima bo‘ldi?», deb suhbatni davom ettirdi. Men sergak tortib, o‘yga botdim.

Ona bo‘lib bir dona o‘quvchi o‘g‘limning darsda berilgan mavzuni qay darajada tushunganini, topshiriqni qanday bajarganini o‘ylamabman, lekin 27 nafar bolaga sinf rahbar bo‘lgan USTOZI so‘raganiga qoyil qoldim. “Hech bir bola e’tibordan chetda qolmaydi”, degan gapni shu maktab jamoasining faoliyatida ko‘rdim.

Tezgina uy vazifasi qilishga tushdik. Onlayn-maktabni video-darslarini internet tarmog‘idan qayta ko‘rib chiqdik. Vazifalarni tayyorlab rasmga olib, sinf rahbari tomonidan tashkil etilgan “TELEGRAMM” messenjeridagi gruppaga yubordik. Vaqt allamahal bo‘lishiga qaramay, bir necha soniyadan so‘ng fan o‘qituvchilari tomonidan baholar e’lon qilindi. Ana ishlash! Ana mahorat! Ana kasbiga sodiqlik!

Prezidentimizning yonlarida qalban birga turib, og‘ir bir pallada “LABBAY” deb beminnat xizmat qilayotgan ta’lim sohasining jonkuyarlariga ona sifatida chuqur minnatdorchilik bildirmoqchiman!

O‘zining huzur-halovatidan kechib, oilasidan, farzandlaridan ortib, kelajak avlod vakillari ta’limiga befarq bo‘lmagan, uyda turib bo‘lsa ham dars qildirishga ulgurgan, imkon topib, bittalab har bir o‘quvchisining tushungan-tushunmagani, qanday o‘zlashtirganini nazoratga olgan aziz o‘qituvchilarimiz sog‘u-salomat bo‘lishsin!

Maktab o‘qituvchilari ham ZAMONAMIZ QAHRAMONLARI deya atashga munosibdirlar!

Ustozlar tahsinga loyiqdirlar. Sizga cheksiz ta’zim aziz Ustozlar!!!

Qo‘qon shahar 41-maktab 7-J sinf o‘quvchisi M.Rustamovning onasi.

Ulashing | Поделись этим: