“DIQQAT! YO'LDA BOLALAR” - Dono.uz

“DIQQAT! YO’LDA BOLALAR”

Kichkintoyni qo’lidan yetaklab ketayotgan bobo-yu buvijonlar yoki ota-onalar, xullas kattalar uning ilk qadamlaridanoq yo’lingda ehtiyot bo’lib yurgin, shoshilma, mashinalar qatnoviga e’tibor berish lozim, – deya uqtirib borishsa bolakay albatta unga amal qilishga intiladi. Uning jajji tafakkurida yo’lda yurishning ham o’ziga xos qonun-qoidalari borligi haqida ilk tasavvur paydo bo’ladi…

HURMATLI HAYDOVCHILAR!

Rulni boshqara boshladingizmi, endi yelkangizda nafaqat o’zingiz va yoningizdagi yo’lovchilar, balki ko’chalardagi barcha piyodalar xavfsizligi uchun ham mas’uliyat bor.

Yo’l harakati qoidalariga rioya etmaslik: tezlikni oshirish, mast holda mashina boshqarish, rulda qo’l telefonida gaplashish, xavfsizlik kamarini taqmaslik va shunga o’xshash qator holatlar bugun yo’llardagi noxush voqealarga sabab bo’lmoqda… Axir shitob bilan ketayotgan qudratli avtomobil qarshisidagi ojiz odamni, yoki norasida go’dakni tasavvur qilib ko’ring!

“YO’L HARAKATI QOIDALARI”NI O’RGATING!

Bir qarashda bolajonlarning bilishi va amal qilishi lozim bo’lgan narsalar unchalik ham murakkab emasdek, ammo qoidalar yo’llarda sodir etilishi mumkin bo’lgan ko’ngilsizliklarning oldini olish, hayotga soya solish ehtimoli mavjud bo’lgan xavfni bartaraf etish maqsadida, demakki, siz-u bizning maqsadimizni ko’zlagan holda ishlab chiqilgan va hayotga tatbiq etilgan. Xoh o’g’il xoh qiz bo’lsin zurriyodimizni sog’-salomat holda kamolga yetib, kelgusida el koriga yaraydigan farzand bo’lishi uchun nafaqat ajdodlarimiz tarixini bilishi, koinot sirlarini o’rganishi, zamonaviy texnik qurilmalardan foydalana olishni bilishi, balki “Yo’l harakati qoidalari”ni ham mukammal o’zlashtirishi va unga amal qilishi lozimligini eslatib borishimiz shart.

Bolalar ishtirokida yuz berayotgan hodisalarning oldini olishga qaratilgan yo’nalishlarda joylarda keng qamrovli tadbirlar tashkil etilib, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida muntazam ravishda turli tadbirlar, uchrashuvlar, davra suhbatlari o’tkazilmoqda.

Yo’l harakatiga oid kitoblar, o’quv qo’llanmalari, roliklar, turli ko’rgazmali vositalar ham bu borada qo’l kelmoqda. Maktablarning yuqori sinflarida “Yosh avtonazoratchilar” guruhi, qizlar o’rtasidagi “Sanitariya posti” guruhlari tuzilgan. 10-15 nafar o’quvchilardan iborat “Yosh avtonazoratchilar” guruhi a’zolari maxsus formaga ega bo’lib ular ham ta’lim maskanidagi targ’ibot ishlarida, o’tkazilayotgan musobaqalarda faol ishtirok etishmoqda.

BOLAJONGA ESLATMA:

“Bola boshidan, aql yoshdan”, deganlaridek kezi kelganda bolalarga doimo amal qilishi lozim bo’lgan “Yo’l harakati qoidalari”ning ayrim talablarini yana bir bor eslatib o’tmoqchimiz. Bunda ota-onalarning ham munosib hissasi bo’lishi lozim. Kichik do’stlarimiz yo’lning qatnov qismini faqat maxsus belgilangan joylaridan kesib o’tishi, svetofor va yo’l chiziqlarining talablariga rioya qilishlari shart. Yaqinlashib kelayotgan transport vositalari oldidan chopib o’tmaslik, piyodalar yo’lakchasi bo’lmagan joylarda, yo’lning chetidan, transport harakatiga qarama-qarshi yo’nalishda harakatlanishi lozim. Yo’lning qatnov qismiga uylar, to’xtab turgan transport vositalari, daraxtlar orqasidan yugurib chiqmasligi kerak.

“YO’L QOIDASI – UMR FOYDASI”

Bolalar harakat serqatnov yo’llarda kattalarning yordamidan foydalanishlari shart. Darhaqiqat, “Yo’l qoidasi – umr foydasi” ekanligini bolajonlarimiz avvalo oila davrasida so’ngra maktabgacha ta’lim muassasalarida keyinchalik maktabda puxta o’rganishadi. Maktablarda yo’l harakati qoidalariga oid bo’lib o’tayotgan jonli muloqotlar, turli tadbirlarda ota-onalarning ham ishtirok etishi ayni muddao bo’lmoqda.

SO’NGGI SO’Z

Sizu bizni hamisha hushyor va sergak bo’lishga chorlovchi yo’l qoidalariga barchamiz amal qilsak ko’zlangan maqsadga erishamiz. Hech vaqt shoshma-shosharlik qilmang. Ana shunda yo’lingiz ravon, hayotingiz farovon bo’lishi muqarrardir, aziz yurtdoshlar!

Hurmatli haydovchi! Siz albatta hamma ishingizga ulgurasiz, chunki beminnat xizmatchingiz, tayyor ulovingiz bor. O’sha ulovni boshqalar uchun xavfsiz qilib boshqarsangiz kifoya.

Hurmatli piyoda! O’z joningiz o’zingizga aziz bo’lsin. Yo’lda yurish madaniyatiga rioya qiling. Chunki qarshingizdan kelayotgan xuddi siz kabi odam jonli emas, jonsiz bir texnikani boshqarib kelmoqda…

Yo’llarimiz bexatar bo’lsin!

Sarvar SAFAROV tayyorladi

 

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi.

Free WordPress Themes