Buxoroda amalga oshiriladigan bunyodkorlik loyihalari muhokama qilindi - Dono.uz

Buxoroda amalga oshiriladigan bunyodkorlik loyihalari muhokama qilindi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahrida amalga oshiriladigan bunyodkorlik ishlari loyihalari bilan tanishdi.

Birinchi Prezidentimiz xotirasini abadiylashtirish maqsadida Buxoroning markaziy ko‘chalaridan biriga Islom Karimov nomi berildi. Ushbu ko‘cha qiyofasini o‘zgartirish, uning ikki tomonida zamonaviy binolar barpo etish bo‘yicha 3-yilga mo‘ljallangan loyiha ishlab chiqildi.

Davlatimiz rahbari ushbu ko‘cha Islom Karimov nomiga munosib bo‘lishi, qurilish ishlarini salohiyatli pudratchi tashkilotlar bajarishi zarurligini ta’kidladi.

Prezidentimiz Islom Karimov va Ibn Sino ko‘chalari kesishgan joyda bunyod etiladigan Universal sport majmuasi loyihasini ko‘zdan kechirdi.

2018-yilda foydalanishga topshiriladigan ushbu majmuada 15 sport turi bo‘yicha mamlakatimiz va xalqaro miqyosdagi musobaqalarni o‘tkazish imkoniyati yaratiladi. Undan uchta mashg‘ulotlar zali, basseyn, tennis korti, 3 ming 500 tomoshabinga mo‘ljallangan zal o‘rin oladi. Majmua sportchilarni tayyorlash, murabbiylar malakasini oshirish, sport metodikasi bo‘yicha namunaviy markaz bo‘ladi.

Majmuada yozgi va qishki sport maydonlari qurish lozimligi ta’kidlandi. Viloyatdagi sport inshootlarini inventarizatsiya qilish, ularni muayyan sport turiga ixtisoslashtirish, ommaviyligini oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Buxoro shahrining G‘ijduvon, Bahovuddin Naqshband, Ibn Sino, Navoiy ko‘chalarida 57 ta ko‘p qavatli uy quriladi. 2017-2021-yillarda barpo etiladigan 5, 6, 7 qavatdan iborat bu turar-joylar aholini arzon va zamonaviy uylar bilan ta’minlash, turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Prezidentimiz Buxoro shahrining tarixiy qismida an’anaviy hunarmandlik ustaxonalarini jamlagan ikki qavatli uylardan iborat hunarmandlar mavzesini qurish loyihasi bilan tanishdi.

Buxoroda tarixiy yodgorliklar, diqqatga sazovor joylar juda ko‘p. Ular zamon talablari asosida ta’mirlanib, sayyohlar uchun zarur sharoitlar yaratilayotgani natijasida viloyatda turizm izchil rivojlanib borayotir. Davlatimiz rahbarining 2016-yil 2-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada yanada keng imkoniyatlar yaratmoqda.

Prezidentimiz Buxoro tarixini, qadimiy bozorlarini tiklash, hunarmandlar mavzesiga sayyohlarni keng jalb qilish, bu yerda kechki sayr imkoniyatini yaratish, milliy hunarmandlik an’analari va ko‘ngilochar dasturlarni namoyish qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

One Response to “Buxoroda amalga oshiriladigan bunyodkorlik loyihalari muhokama qilindi”

  1. Покупка ссылок seo

    What’s Taking place i’m new to this, I stumbled upon this I’ve
    found It absolutely useful and it has aided me out loads.
    I’m hoping to contribute & aid different users like its aided me.
    Great job.

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi.

Free WordPress Themes