Siypantoshda ibtidoiy davr rassomi chizgan suratlar

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi Hisor togʻ tizmalarida joylashgan Quruqsoy qishlogʻida Siypantosh yodgorligi mavjud. Undagi qadimiy topilmalar Homo sapiens (aqlli odam)ning paydo boʻlishi va u tomonidan yaratilgan eng dastlabki rangli sanat asarlarining vujudga kelishini isbotlaydigan ajoyib yodgorliklar sirasiga kiradi.

Mutahassislarning fikricha, oʻz vaqtida hududda yashagan ibtidoiy davrning rassomi undagi suratlarni qizil tuproqni hayvonlarning yogʻiga aralashtirib tayyorlangan qizgʻish va jigarrang tusli “oxra” boʻyogʻi orqali yaratgan.

Chiroqchida ibtidoiy odamlar tanalarini mavsumiy ranglarga boʻyashgan

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi Axborot xizmatining maʼlumot berishicha, ming yillar davomida kvars toshlari orasidan oqib oʻtgan qor va yomgʻir suvlari yirik kvars harsang toshlarini yemirib, tekis, silliq holga keltirgan. Ana shu yirik toshlarda (ular jami 3 ta) rasm chizish uchun tekislik hosil boʻlgan va unda dastlabki ibtidoiiy rassom qizil tuproqni hayvonlarning yogʻiga aralashtirib, qizgʻish va jigarrangli “oxra” boʻyogʻini tayyorlagan. Qizgʻish oxra ranglarini tayyorlash insoniyat tarixidagi paleolit davri madaniyatida koʻp uchraydi. Masalan, oxra boʻyogʻidan ibtidoiy odamlar oʻz tanasini tabiat mavsumlariga mos ravishda boʻyashgan. Oxraga boʻyalgan odamlarningtanasida xarorat bir xil saqlanadi. Ibtidoiy jamoaning asosiy yashash vositasi – ovchilikda ham erkaklar hayvonlarni oʻz hidlari bilan choʻchitib yubormaslik, ularga yana-da yaqin kelish maqsadida tanasini yuqoridagi rangga boʻyaganligi etnograflar tomonidan aniqlangan.

Siypantoshdagi odam qoʻli ayol kishinikimi?

Oxra rangini tayyorlash texnologiyasi dastlabki rang-tasvir asarlarining yaratilishi va paydo boʻlishiga olib kelgan edi. Siypantoshda chizilgan koʻplab rangli tasvirning eng qadimiysi – “odam qoʻli”ni chizish hisoblanadi. Ibtidoiy davr rassomi oxra rangini tayyorlab, rangga boʻyalgan oʻz qoʻlini toshlarga bosgan. Bu odam qoʻli ayol kishiga tegishli boʻlib, anatomik jihatdan erkaklarga qaraganda, ayollarning barmoqlari uzunroq va ingichka boʻlishi bilan isbotlanadi.

Yirik harsanglar orasida yirik tuyoqli hayvonlar turiga kiruvchi hoʻkiz yoki qadimiy tuyoqli hayvon turi tasviri juda realistik uslubda ishlanganini koʻrish mumkin.

Oy va quyosh taqvimlari mavjud boʻlgan Siypantosh yodgorligi Quruqsoy va Oyoqchisoy vohalarida yashaganibtidoiy qabilalarning uzoq asrlar davomidagi muqaddas joyi boʻlib kelgan. Yodgorlikda soʻnggi paleolitdan keyingi davrlarda chizilgan 26 tadan koʻproq suratlar mutaxassis-olimlar tomonidan turlicha talqin etilmoqda. Jumladan, 29 ta kalta chiziqchalarni oy kunlari, dumoloq shaklning toʻrt qismga boʻlinishini esa “yilning toʻrt mavsumi” yoki “yil taqvimi”, “Oy yoki quyosh taqvimi” deya qarashmoqda. Yodgorlikdagi geometrik tasvirlar oʻsha davrdagi inson tafakkurining rivojidan dalolat beradigan dalillardir.

Siypantosh yodgorligidagi rang-tasvirlar turlicha talqin etilishiga qaramasdan, barcha olimlar tomonidan ular Markaziy Osiyodagi eng qadimiy tasviriy asarlar ekani tan olingan.

Ulashing | Поделись этим: