Andijonlik yoshlar tunel ixtiro qildi

Andijon shahridagi Eski shahar dehqon bozorining kirish qismiga dezinfeksiya tunneli oʻrnatildi. Ushbu ixtiro andijonlik yoshlar tomonidan ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi.

Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishi va yuqishining oldini olishga qarshi kurashish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Mazkur yoʻnalishda kreativ va oʻziga xos yangi loyihalar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilayotganligi kasallik yuqishi va tarqalishi ehtimolini kamaytirishga xizmat qilmoqda. Andijonlik yoshlar taklif etgan yangi innovatsion loyiha doirasidagi ixtiro ham ana shu yoʻnalishdagi ishlarga bir misoldir.

– Bozorlar, aholi koʻp toʻplanadigan jamoat joylariga oʻrnatilishi koʻzda tutilgan dezinfeksiya tunneli shubhasiz, xastalik tarqalishining oldini olishga yordam beradi, — deydi loyiha mualliflaridan biri “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti sovrindori Shahrizod Musabekov. – Har biri 200 litr miqdorda ikki xil turdagi antiseptik suyuqlik bilan toʻldiriladigan tunnellar maxsus qurilmalar yordamida tunnelda oʻtayotgan shaxslarni dezinfeksiya qiladi.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan mazkur loyiha doirasida yaratilgan dezinfeksiya tunneli 24 soat mobaynida ishlashi, bozorga kirib-chiqayotgan odamlarni dezinfeksiyalashi mumkin. Dezinfeksiya jarayonida oʻtayotgan shaxsning tanasi va qoʻli uchun boshqa-boshqa turdagi antiseptik suyuqliklardan foydalaniladi.

Kasallik tarqalishining oldini olishga yordam beradigan bu kabi tunnellarni viloyatdagi bozorlar va aholi gavjum maskanlarga oʻrnatish rejalashtirilmoqda.

Ulashing | Поделись этим: