Karantin davrida ayrim xususiy maktab o‘qituvchilariga qiyin bo‘lmoqda, ularga oylik maosh berilmayapti

Maktab rahbariyati bunga sabab qilib ota-onalar farzandlari uchun to‘lov qilishga norozi ekanliklarini aytishmoqda(ijtimoiy tarmoqlar orqali kelgan murojaat).

Nodavlat ta’lim tashkilotlarida bunday masalalar ta’sischi tomonidan hal qilinadi. Bundan tashqari, ta’lim tashkiloti va pedagog xodim o‘rtasida tuzilgan shartnomada fors-major holatlarida, xususan karantin davrida qanday harakatlanish ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.

Agar shartnomada bunday holat nazarda tutilmagan bo‘lsa, karantin davrida ta’lim jarayoni to‘xtatilganligi va ta’lim oluvchilarga ta’til berilganligini inobatga olib, tomonlar o‘zaro kelishib olishlari lozim. Chunki pedagog xodimga to‘lanadigan pul mablag‘lari ta’lim oluvchilar tomonidan shartnoma asosida to‘lanadigan badal to‘lovlari hisobidan shakllantiriladi.

Bunday vaziyatlarda agar ta’sischining to‘lov qobiliyati bo‘lmasa, mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan pedagog xodimga ish haqi saqlanmagan holda ta’til berish, agar xodim fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida ishlayotgan bo‘lsa shartnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali masalani hal etish maqsadga muvofiq.

Shuningdek, ayrim xususiy ta’lim muassasalari tomonidan shu maktabda faoliyat olib boruvchi o‘qituvchilar tomonidan masofaviy darslar o‘tilmoqda va buning uchun ularga xususiy maktab rahbari tomonidan oylik maosh to‘lanmoqda. Shu sababli ota-onalar farzandining badal to‘lovini taxminan 50 foizini to‘lashmoqdalar.
Bu hozirgi davrda eng optimal variant ekanligini inobatga olib, barcha xususiy maktablar ushbu tizimni joriy etishi maqsadga muvofiq.

Ushbu karantin davri nodavlat ta’lim sektorda faoliyat olib boruvchi fuqarolarga moliyaviy masalada qiyinchilik tug‘dirmoqda. Shunday sinovli kunlarda sabrli bo‘lib, mazkur masalalarga yechim topishda hamjihatlik muhim.

Ulashing | Поделись этим: