«Anvar Obidjon bolalar she’riyatida o‘ziga xos maktab yarata oldi»

Anvarjonning ilk she’rlarini o‘qiganimdayoq, bu ijod namunalari sodda va samimiyligi, shu bilan birga mantiqning kuchliligi, katta falsafasi meni hayrat va hayajonga solgandi. O‘shandayoq men vaqti kelib, Anvar Obidjon xalqimizning eng e’zozli va suyukli shoirlaridan biri bo‘lib yetishishiga chin ko‘ngildan ishongandim. Ta’kidlash kerakki, sobiq tuzum davrida “Hamma yaxshi narsalar – bolalarga” degan shior juda ko‘p qo‘llanilgan bo‘lsa ham, amalda buning teskarisi bo‘lgan. O‘sha davrlarda bolalar adabiyotiga, bolalar shoirlariga bo‘lgan munosabat ham xuddi shunday edi. Aksariyat hollarda adabiyotda o‘z o‘rni va so‘zini topa olmagan ijodkorlarga bolalar shoirligi borasida o‘zini sinab ko‘rishni taklif qilishardi. Go‘yoki bolalar uchun nimani yozsang bo‘laveradi, degandek. Quvonch bilan aytish joizki, Xudoyberdi To‘xtaboyev bolalar adabiyoti prozasiga o‘ziga xos yangiliklar olib kirgan bo‘lsa, Anvar Obidjon bolalar she’riyatida o‘ziga xos maktab yarata oldi.

Bu ikki zabardast ijodkorning hamyurtlarim – farg‘onaliklar ekanligi bilan hamisha faxrlanaman. Ammo barcha ijodkorlar qatori elimizning yuksak olqishi va hurmatiga sazovor bo‘lish Anvarjon uchun ham oson kechmagan. Buning uchun Anvarjonga nafaqat ijodning, balki birda quvonchli, birda qayg‘uli hayotning juda ko‘p qiyinchiliklarini yengib o‘tishga to‘g‘ri keldi. Rohat esa hamma vaqt mashaqqatlar ortida bo‘ladi. Ana shu kabi sermahsul ijodiy faoliyati samarasi sifatida Anvar Obidjon ijodi mustaqillik yillarida bevosita muhtaram

Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ham e’zozlanib, qadr-qimmat ko‘rsatildi. Qolaversa, millionlab hamyurtlarimizning yuksak mehr-muhabbati Anvar Obidjon uchun eng ulug‘ mukofot hisoblanadi. Millionlab qalblarni yaxshilikka, ezgulikka, go‘zallikka oshno etgan ana shunday suyukli va martabali ulug‘ shogirdim borligidan hamisha qalbimda faxru iftixor tuyaman.

Erkin VOHIDOV,

O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri
2007 yil 15 noyabr

Ulashing | Поделись этим: