Doʻxtir momo…

Bolalikda shoʻx oʻsganmiz. Onamning gapiga baʼzan quloq tutmasdik. Koʻpincha otamga orqa qilardik (rahmatli otam shoʻxligimizni koʻtarar edi). Koʻp kasal boʻlardik – qoʻshni bolalardan kimdir tumov boʻlsa, albatta bizga ham oʻtardi. Chunki ular bilan doim birga oʻynardik, uydan yashirincha olib chiqqan yemaklarni birga baham koʻrardik. Qishloq odamlari tili bilan aytganda tepki, sariq, qizamiq, suvchechak deysizmi, hammasini boshdan oʻtkazganmiz. Ammo ota-onamizning yaxshi parvarishidan va qishlogʻimizda yoshu qari “Doʻxtir momo” deb chaqirguvchi ayolning muolajasidan soʻng tezda tuzalib ketardik.

– Qishloqda hech kim ismimni bilmaydi, – deydi Xursand momo Ergasheva. – Hamma “Doʻxtir momo” deb chaqiradi. Nafaqa tarqatuvchi kelib ism-sharifimni aytganda, hech kim shu yerda yashaydi, demagan ekan. Erta bahorda yosh qizchalarning qulogʻini teshib, zirak taqib qoʻyaman. Bolalar ukoldan qoʻrqadi. Shu sabab, ayrim yuqumli kasalliklar bilan ogʻrigan bolalarning ota-onasiga uy sharoitida davolash usullarini oʻrgataman.

…Bolaligimda Xursand momoni yomon koʻrardim. Chunki bizni koʻp tergab turardi. Loyqa ariq suvida choʻmilishimizga qoʻymasdi, tinganda choʻmilinglar derdi, mevalarni yuvmay yesak kaltak bilan quvlardi. Xullas, bola tasavvurim bilan momoni xushlamas edim. Bir voqeadan soʻng uni yaxshi koʻrib qolganman. Bundan yigirma yilcha oldin tomogʻim shishib, dori ham, ukol ham taʼsir qilmay qoldi. Onam momonikiga olib bordi. Tomogʻimni maxsus mato bilan artganidan soʻng hayot avvalgidek ravshanlashib, yaxshi boʻlib ketdim.

Momoning eri Islom boboni koʻrmaganman. Ammo hazil-mutoyibaga oʻch, bamaʼni odam boʻlgan, deb eshitganman. Xursand momoning qishlogʻimizga kelin boʻlib kelish tarixi ham qiziq boʻlgan ekan.

– U davrda odamlar qizlarini oʻqitmasdi, – deydi momo. – Bolaligimdan shifokor boʻlaman, deb orzu qilganman. Texnikumda oʻqish uchun otamni koʻndirishim, onamni rozi qilishim oson boʻlmadi. Kattaqoʻrgʻon tibbiyot texnikumida tahsil oldim. Hayotning koʻp achchiq-chuchugini tatidim, pastu balandidan oʻtdim. Birinchi turmushimdan farzand boʻlmagach, ota uyimga qaytishga majbur boʻldim. Keyin hayot yoʻlim Islom Usmonov bilan bogʻlandi. Boshida “Ikki farzandim bor, ayolim vafot etgan, bolalarimga mehribon ona kerak” deganida koʻnglim erib, unga turmushga chiqishga rozi boʻlganman. Soʻng surishtirmasdan ota-onamning duosini olib, koʻch-koʻronimni orqalab, shu xonadonga kelganimdan soʻng bilsam boʻlajak erimning 11 bolasi bor ekan. Bir xayol uyga qaytmoqchi ham boʻlganman. Ammo onadan erta ayrilgan bolalarga rahmim kelgan. Shuncha bolani dunyoga keltirib, rohatini koʻrolmagan onaga achinganman. Kelajagimni shu xonadonda koʻrdim. Alloh meni yana farzand bilan siyladi. Ikki qiz, bir oʻgʻilli boʻldim. Bugun 70 dan ortiq nabira va evaram bor. Ular yaxshi lavozimlarda ishlaydi, oʻqiydi. Dam olish kunlari telefon tinmaydi, biri qoʻysa, bir qoʻngʻiroq qiladi. Bugungi sinovli kunlarda ham telefon qilib holimdan xabar olib turibdi.

…Loyqa suvda choʻmilib, mevalarni yuvmasdan yegan, yoʻtalsak momodan dakki eshitib yurgan biz ham katta boʻldik. Haytovur, yaqin orada jiddiy kasallikka chalinmadim. Ammo har gal tomogʻim ogʻrib, shamollaganimda “Doʻxtir momo”ni eslayman. Oʻylayman: hozir ham momoga ish topilsa kerak, chunki ota-onasining aytganiga har doim ham amal qilavermaydigan bolalar doim topiladi. Bundan tashqari issiq jon, shifoxonalar biroz uzoq boʻlgan bir paytda ishonchli kishidan maslahat olgan yaxshida.

– Bugun zamon oʻzgardi, – deydi Xursand momo. – Avvallari tibbiyot xodimlariga boʻlgan hurmat ham boshqacha edi. Esimda, hali ancha yosh edim. Oltinsoyda tibbiyot xodimlari yetishmasligi tufayli bizni shu qishloqqa ishga yubordi. Bu yerda insonlarning shifokorga hurmati qancha kuchli ekaniga guvoh boʻlganman. Tez yordam boʻlimida ishlardik. Chaqiruv keldimi, darrov yoʻlga tushardik. Qishloq qirliklardan iborat emasmi, haydovchi mashinani qulay joyga qoʻyar, soʻng ikkovlashib bemorning uyi tomon yoʻl olardik. Manzilga yetish uchun gohida biron kilometr yo undan ham koʻproq yoʻl yurishga toʻgʻri kelar edi. Ikki-uch yil ichida shu qishloqda 50 dan ziyod chaqaloq tugʻilishida doyalik qilganmiz. Qishloq odamlari bizni yaxshi koʻrar, hatto chaqaloqlariga qanday ism qoʻyaylik, deb soʻrashardi. Baʼzilarining ismini oʻzim qoʻyganman. Hozir ayrim nodon kishilar shifokorga rahmat aytish oʻrniga, kaltaklayapti…

Xursand momo hamon tin olay, demaydi. Doim harakat va izlanishda. Qishloqdoshlari ogʻirini yengil qilishdan, dardiga shifo boʻlishdan charchamaydi. Tomorqa ishlarini ham doʻndiradi. Momoning hovlisidan bir roʻzgʻorga zarur boʻlgan barcha mahsulotni topish mumkin. Mevali daraxtlar erta bahor qiygʻos gullab, hozir shigʻil meva tukkan. Hovlisining teng yarmiga gul ekadi. Xaridori chiqsa sotadi, sotilmay qolgani tomorqaga goʻzallik baxsh etib, atrofga xushboʻy ifor taratib turadi. Koʻrgan kishining dili yayraydi.

Ulashing | Поделись этим: