Ustozlar mehnatini qadrlaylik

Oʻqituvchilik kasbini nina bilan quduq qazishga qiyoslayotganlar qanchalik haq ekanini bugungi karantin sharoitda uyda oʻtirgan ota-onalar ham his qila boshladilar.

Maʼlumotlarga koʻra, pandemiya sharoitida Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi davlatlarida birinchi boʻlib Oʻzbekistonda barcha sinflar uchun 3 tilda (surdo tarjima bilan) onlayn darslar tashkil qilindi. Ayni paytda kuniga oʻrtacha yuzga yaqin videodarslar yozib olinyapti. Bu jarayonga fidoyi oʻqituvchilar jalb etilib, ular hech qanday shart va toʻlovlarsiz olti millionlik auditoriyaga dars oʻtmoqdalar.

Albatta, tezkor tashkil etilayotgan “onlayn” darslar davomida xato ham oʻtishi tabiiy. Chunki, bunga hammamiz ham tayyor emas edik, tajribamiz ham yoʻq edi. Ammo ana shunday bir paytda xato va kamchiliklarni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib, ustozlarni mazax qilish, yaʼni, oʻqituvchilar shaʼniga haqoratli soʻzlarni aytayotganlar ham uchramoqda. Nahot shunday kishilar bunday xabarlarni tarqatayotganda birinchi oʻqituvchisi, farzandlariga taʼlim-tarbiya berayotgan ustozlarini yodga olmasalar.

photo_2020-04-15_22-31-12.jpg

Bugun birgamiz, uyda oʻtirib, “onlayn” darslarni kuzatyapmiz, telegram kanallar orqali oʻquvchilarimiz bilan tinimsiz muloqot qilyapmiz. Ular berilgan vazifalarni tayyorlab, bizga joʻnatishyapti. Agar odatiy kunlarda maʼlum bir vaqtgacha ishlagan boʻlsak, bugun baʼzan yarim tungacha ham shugʻullanishga toʻgʻri kelyapti.

Shu oʻrinda uyda oʻtirib, farzandlariga ustozlik qilayotgan va biz bilan muntazam muloqotga kirishgan ota-onalarga rahmatlar aytgim keladi. Zero, qars ikki qoʻldan chiqadi.

Davlatimiz rahbari Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi majlisida xato qilishdan emas, xatoni takrorlashdan qoʻrqishimiz, yangi tashabbuslar koʻrsatib, faqat oldinga intilishimiz, shu xalq, shu Vatan uchun jon fido qilishimiz lozimligini alohida taʼkidlagan edilar. Shu maʼnoda, men ushbu jarayonda ishtirok etayotgan barcha hamkasblarimga taʼzim qilib, jamiyat maʼrifatparvarlarini shifokorlar, huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari qatorida kun qahramonlari safiga qoʻshgan boʻlardim.

Nargiza MAHMUDOVA,
Yashnobod tumanidagi 231-maktab oʻqituvchisi

Ulashing | Поделись этим: