Vatanim yuragining javohirlari…

Vatan yurakdagi javohir, vatanga boʻlgan muhabbat ona suti, ona bagʻri, ona allasi bilan bola yuragiga jo boʻladi.

Vatan tushunchasi shunday begʻuborki, u yaxshi va yomon kunlarni, tashvish va quvonchlarni, buyuk va sodda odamlarni, ajib koshona va vayronalarni, xullas, barchasini yelkasiga koʻtarib doim navqiron va koʻhna tarixni yarataveradi.

Ona Vatanimiz ming yillik tarixida ne-ne balolarni koʻrmadi. Ana shunday kunlarda ham xalqimiz birdam boʻlib xavf-xatarni ortda qoldirib, birga kurashgan.

Bugungi kunga kelib butun dunyoga xavf solayotgan bu sinovli kunni xalqimiz qoʻrqmay yengib oʻtadi. Prezidentimiz bizga bosh-qosh boʻlib yurtning boshini silab choralar koʻrayaptilarmi, albatta, birinchi oʻrinlarda biz pedagoglar ham oʻz vazifamizni toʻliq ado etishimiz darkor.

Biz oʻqituvchilar, yosh avlodga taʼlim berar ekanmiz, oʻquvchilarimizni yana-da yurtga fidokor inson boʻlishlariga madad boʻlmoqdamiz. Farzandlarimiz kelajagini oʻylab shunday ogʻir kunlarning ilk kunidanoq maorif jonkuyarlari hech ikkilanmay yurt bolalarini teledars va onlayn darslar bilan qamrab oldi.

Farzandlarining shunday paytda ham bilim olishlarida va boʻsh vaqtlarini qiziqarli oʻtkazishlarida madad boʻlayotgan barcha ustozlardan mamnun boʻlayotgan ota-onalarning tashakkurlarini ijtimoiy tarmoqlarda oʻqib turibmiz. Bunday dil izhorlari, albatta, oʻqituvchilarga qanot boʻlib, ularni yana-da shijoat bilan ishlashga undaydi.

Oʻqituvchilar qoʻlni-qoʻlga berib, bir yoqadan bosh chiqarib, bir-birlarini qoʻllab-quvvatlab, tushunib, yana-da fidokorliklarini namoyon etib, oʻquvchilarimizga bilim berishda oʻz hissalarini qoʻshib kelishmoqda. Bu sinovli kunlarda yana ham jipslashib mehnat qilayotgan oʻqituvchilar barchani quvontirmoqda.

Bugungi kunda koronavirus pandemiyasi bilan kurashayotgan tibbiyot xodimlari, karantin talablariga qatʼiy rioya qilishini kunu-tun nazorat qilayotgan IIB, Milliy gvardiya xodimlarini qahramon deb olqishlamoqdamiz. Men esa, mana shu qatorga bugun ijtimoiy tarmoqlarda kunu tun kelajak avlodga taʼlim berayotgan maktab oʻqituvchisini ham kiritishni taklif etaman. Bu kasb egalari ham bugungi davr qahramoni. Har qanday vaziyatda ham oʻqituvchi saboq berish uchun harakat qiladi, bor mehrini oʻquvchilari uchun ayamaydi.

Haq yoʻlinda kim senga bir harf oʻqitdi ranj ila,
Aylamak boʻlmas oson, haqqin ado yuz ganj ila.

Elzana Yuldasheva,
Chilonzor tumanidagi 162-maktab direktori

Ulashing | Поделись этим: